1-iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida metro poyezdida notanish qizga shilqimlik qilgan 2 yigitga nisbatan sud hukmi o‘qilib, ularning har biri 5 sutkaga qamaldi.

30-may kuni tarmoqlarda ushbu 2001-yilda tug‘ilgan yigitlarning metro poyezdida notanish qizga shilqimlik qilgan videosi tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videoda ikki yigitdan biri tutqichni ushlab turgan qizning qo‘lini bosib turishga harakat qilgani, qiz qo‘lini olib qochsa ham yigit yana harakatda davom etganini ko‘rish mumkin. Ularning ikkinchisi esa buni video tasvirga olib turgan.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi loyihasining yozishicha, ular TikToker`lar bo‘lib, bu videoni “prank” ya’ni hazilomuz tarzda tasvirga olgan. Material tarmoqqa qo‘yilib, keyin o‘chirib tashlangan.

Mazkur voqea tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tanqidga uchragach, blogerlardan biri holat yuzasidan uzr so‘rab chiqdi. Yana biri esa Instagram sahifasidagi barcha videolarni o‘chirib tashladi.


IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti bogerlar bilan bilan profilaktik suhbat o‘tkazdi. Ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41 prim 1-moddasi (Shahvoniy shilqimlik qilish) va 46 prim 1-moddasi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan bayonnoma rasmiylashtirildi hamda chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborildi. Yigitlar videoni hazil tarzida olgani, qilgan ishi bo‘yicha aybdor ekanini aytib, uzr so‘radi.

Sud ishni ko‘rib chiqdi va yigitlarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, ushbu kodeksning 32-moddasi (ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar) 4-qismi tartibida ularning har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.