Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga norasmiy bandlikni qisqartirishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun aholining bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, norasmiy bandlik ulushini qisqartirish, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“Soliq yukini kamaytirish, turli cheklov va talablarni bekor qilish ostida faqat raqam va mablag‘lar emas, buning zamirida yuz minglab fuqarolarimizning ijtimoiy himoyasi turibdi. Ya’ni bundan buyon ularning ish staji hisobi yuritiladi, pensiya hisoblanadi va boshqa mehnat huquqlari kafolatlanadi. Biroq Qonun to‘laqonli ishlab ketishi, yurtdoshlarimizni aytib o‘tilgan ijtimoiy kafolatlar bilan real qamrab olinishi uchun ushbu kiritilayotgan yangiliklardan aholi, ayniqsa norasmiy sektorda band bo‘lganlarning xabardorlik darajasini oshirish talab etiladi. Shuningdek, ushbu normalarning mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha ishlar faqatgina davlat organlari tomonidan amalga oshirilmasligi kerak. Norasmiy sektorda band bo‘lganlarni rasmiy mehnat munosabatlari maydoniga olib chiqilishidan davlat ham, nodavlat sektori ham birdek manfaatdordir”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonun bilan Soliq kodeksiga va “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risidagi” qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, yakka tartibdagi tadbirkor bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan jismoniy shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasining amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan, endilikda yillik bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir barobari miqdorida soliq to‘lashi belgilanmoqda.

Shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki, ot va boshqalar), issiqxona, parrandachilik (bedana, kurka, g‘oz, o‘rdak), quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik, bog‘dorchilik, limonchilik, gulchilik faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli bo‘lgan tomorqa yer uchastkasi maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qat’iy nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni to‘lashga ruxsat etilishi belgilanmoqda.

Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida band bo‘lgan yer uchastka egasi yoki uning oila a’zolariga mehnat staji hisoblab chiqariladi. Buning uchun ular tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida 1 baravari miqdorida soliq to‘lab boriladi.

Bundan tashqari, “Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasidan tomorqa yer uchastkasi maydoniga kamida 0,04 gektar bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi talab chiqarib tashlanmoqda.

Qayd etilishicha, qonunni qabul qilinishi natijasida ijtimoiy soliq to‘lovida qo‘llaniladigan yengillashtiruvchi norma hisobiga 2023-yilda 8,2 mlrd so‘m mablag‘ soliq to‘lovchilar ixtiyorida qolishi, yollanma xodimlarga berilgan yengillik evaziga YATTlarning yollanma xodimlarining soni 50 ming nafarga yetishi va budjetga qo‘shimcha tarzda 21 mlrd so‘m mablag‘ tushishi kutilmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Qonun prezident tomonidan imzolanishi kerak.