Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablariga 2023/2024-o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 10-iyundan — 30-iyunga qadar onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident maktablariga talab etiladigan hujjatlar:

  • tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • fotosurat (oxirgi 2 oyda olingan);
  • ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va telefon raqamlari (doimiy ishlab turgan telefon raqamlari) aniq va bexato kiritilishi lozim;
  • direktor tomonidan tasdiqlangan baholar tabeli nusxasi.

Talabgorning baholar tabelidagi matematika va tabiatshunoslik fanlaridan 4-sinfdagi yillik baholari “5” baho (a’lo) bo‘lishi lozim.

2023−2024-o‘quv yilida Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Qarshi, Navoiy, Namangan, Nukus, Nurafshon, Samarqand, Farg‘ona, Xiva, Termiz va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablariga 5-sinfga qabul qilinadi.