Buxoro viloyati Romitan tumanida fuqaro oilaviy shifokorlik punktida fohishaxona tashkil qilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, tumanning “Mirishkor” mahallasida yashovchi 1965-yilda tug‘ilgan erkak ushbu mahalla hududida joylashgan, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Musicha” OSHPda 11-may kuni erkak va ayolning jinsiy aloqa qilishi uchun sharoit yaratib bergan. U buning evaziga 90 ming so‘m pul olgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 131-moddasi 2-qismi (Fohishaxona tashkil etish yoki saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi jinoyatni sodir etganlik uchun BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatdan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.