24-may kuni Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Hujjat huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi qonunchilikni unifikatsiya qilishga qaratilgan. Xususan, loyiha bilan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi va “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlar yagona qonunga birlashtirilmoqda.

Loyihaga muvofiq, profilaktik hisobga qo‘yiladigan shaxslar doirasi qisqarmoqda. Mazkur chorani ayblilik masalasini xal etmasdan turib jinoyat ishi tugatilganda, mayda huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga va boshqa holatlarda qo‘llamaslik belgilanmoqda.

Mazkur qonun qabul qilingan taqdirda 368 651 nafardan ziyod shaxslarga nisbatan (barcha profilaktik hisobda turganlarning 57,6 foizi) profilaktik hisob bekor qilinadi.

Qonun loyihasining muhokamasi 8-avgustgacha davom etadi.