Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar ota kompleksiga tegishli namozgoh nurab borayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Madaniy meros agentligi holatni o‘rganib, me’moriy yodgorlik 2023-yilgi restavratsiya rejasiga kiritilganini ma’lum qildi.

Mug‘lon qishlog‘i hududida joylashgan “Namozgoh” masjidi XIV asr yodgorligi hisoblanadi.

“Ushbu inshoot Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga arxitektura yodgorligi sifatida kiritilgan bo‘lib, davlat muhofazasiga olingan. Me’moriy yodgorlik 2023-yilgi restavratsiya rejasiga kiritilgan”, — deyiladi xabarda.

Hozirda dastlabki loyiha hujjatlari shakllantirilib, restavratsiya jarayonini amalga oshirish uchun ekspertiza xulosalari tayyorlanmoqda.