O‘zbekiston prezidenti 26-may kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

“Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni yangi bosqichga ko‘tarish va uning sifatini oshirish maqsadida” hujjatda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich kuchga kiradigan qator yangiliklar ko‘zda tutilgan.

Maktablarning 1−4-sinflarida o‘quvchilarda boshlang‘ich bilimlarni, 5−9-sinflarda — tayanch bilimlarni, 10−11-sinflarda — “qiziqish va qobiliyatiga mos keladigan bilimlarni” rivojlantirishga qaratilgan o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy majmualar joriy etilmoqda.

Umumiy o‘rta ta’lim dasturlari va o‘quv-uslubiy majmualarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi ta’minlanadi.

Bilimlarni baholashning yangi tartibi joriy etilmoqda, unda o‘qituvchi o‘quvchilarning o‘tilgan mavzularni amaliyotda qo‘llash, tanqidiy fikrlash va taqdim etilgan materialni tahlil qilish ko‘nikmalarini baholaydi.

Maktablarning boshlang‘ich sinflarida Informatika fani, o‘rta sinflarda esa o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan darslar joriy etilmoqda.

Barcha fanlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60 foizga yetkazildi. Shu bilan birga, darslardagi mavzular aniq muammolarni hal qilish orqali o‘rgatiladi, amaliyot darslari loyihani bajarish shaklida o‘tkaziladi.