“Gazeta.uz” 2023-yil 1-iyundan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Cavdo qiluvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar kunu tun ishlashiga ruxsat beriladi

Prezidentning 2023-yil 8-maydagi [PF-67-son] farmoni bilan chakana savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining faoliyat ko‘rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar.


2. Butun O‘zbekiston bo‘yicha chaqaloqlarning guvohnomalari FHDYO emas, balki tug‘ruqxonada beriladi

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi [540-son] qaroriga ko‘ra, tibbiyot muassasalari tomonidan tug‘ilganlik FHDYO bo‘limlarida qayd qilinganligi haqida QR-kodli ma’lumotnoma beriladi va ushbu ma’lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlar tomonidan qabul qilishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.

Guvohnoma esa fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan FHDYO bo‘limlari tomonidan rasmiylashtirib beriladi.


3. Halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun bog‘cha bepul bo‘ladi

Prezidentning 2023-yil 13-martdagi [PF-34-son] farmoni asosida halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va OTMda davlat granti asosida qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha ta’lim olishi ta’minlanadi.

Halok bo‘lgan harbiy xizmatchining (xodimning) ota-onalariga yiliga 2 marta temir yo‘l va havo yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.


4. O‘zbekistonda “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi

Prezidentning 2022-yil 2-dekabrdagi [PQ-436-son] qaroriga muvofiq, 2023-yil 1-iyundan boshlab mahsulotlarni ishlab chiqarishda ekologiya va atrof-muhitga ta’sirni cheklash bo‘yicha qo‘yilayotgan talablar asosida “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi.


5. Jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari uchun hisob-fakturalar talab etilmaydi.

Prezidentning 2023-yil 8-maydagi [PF-67-son] farmoni bilan to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.


6. “To‘maris izdoshlari” guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Hukumatning 2023-yil 19-yanvardagi [21-son] qaroriga ko‘ra, yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo‘lmagan, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko‘ngilli asosda jalb qilish orqali “To‘maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.

Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni aniqlashda ko‘maklashish hisoblanadi.


7. “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkaziladi

Prezidentning 2023-yil 7-fevraldagi [PQ-46-son] qarori asosida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan har yili:

  • “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi o‘tkazib boriladi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarda o‘quv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtiriladi.

8. Qishloq xo‘jaligi sohasida subsidiyalar yagona elektron tizim orqali beriladi

Prezidentning 2023-yil 5-apreldagi [PQ-113-son] qaroriga muvofiq, qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.


9. Qishda talafot ko‘rgan tadbirkorlik subyektlarining taqdim etilgan kredit ta’tillari tugaydi

Prezidentning 2023-yil 3-fevraldagi [PQ-43-son] qarori bilan Markaziy bank va tijorat banklariga qish mavsumida talafot ko‘rgan tadbirkorlik subyektlarining kreditlari bo‘yicha yanvar-mart oylari uchun to‘lovlar muddatini 2023-yil 1-iyunga qadar uzaytirish topshirig‘i berilgandi. Mazkur muddat 1-iyundan yakuniga yetmoqda.


10. Sud-ekspertiza tashkilotlariga berilgan bojxona imtiyozlari muddati tugaydi

Prezidentning 2021-yil 5-iyuldagi [PF-6256-son] farmoniga ko‘ra, davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari 1-iyunga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, maxsus jihozlangan avtotransport vositalari, dasturiy ta’minotlar, reaktivlar, reagentlar va sarflash materiallari, ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilingandi. 1 iyundan mazkur imtiyoz yakuniga yetmoqda.