Qashqadaryo viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudida 29-may kuni 3 nafar bloger Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning turli moddalari bo‘yicha huquqbuzarlik sodir etgan deb topildi va har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Dastlab holat haqida qamalganlardan biri — avtobloger Maqsud Muzaffarov o‘zining Telegram kanalida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Umid Karimovni (Telegram`dagi Kapitan Karimov kanali muallifi, Nasaf News veb-sayti rahbari) ichki ishlar xodimlari IIBga olib kirib ketgan, bunga blogerning xodim mashinani tekshirayotgan paytda “To‘xtab turgan mashina-ku” degan gapi sabab bo‘lgan (mashina yana bir bloger A.Abdullayevga tegishli bo‘lgan). IIO xodimi esa Shahrisabz IIB boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lgani aytilgan.

Bu videomurojaatdan keyin avtoblogerning o‘zi ham ushlanib, sudga olib ketilgani haqida bloger Otabek Artikov xabar qildi.

Viloyat IIB va sudidan rasmiy munosabat

Qashqadaryo IIB bu holatga izoh berarkan, 29-may kuni soat taxminan 10:20 da Shahrisabz shahri IIB YHXB xodimlari Pillakashlik ko‘chasida 2 ta davlat raqamisiz, oynalari to‘liq qoraytirilgan hamda ruxsatsiz qayta jihozlangan Gentra avtomashinalariga nisbatan hujjatlarni rasmiylashtirishda transport vositalari haydovchilari xodimlarning qonuniy talablarini bajarmasdan janjal chiqarib, ommani o‘ziga qaratganini ma’lum qildi.

“Holatga aniqlik kiritilib, ularning shaxsi aniqlangach, fuqarolar A.A., M.M. va U.K.ga nisbatan qonunchilik tartibi buzilgani holati bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy to‘xtamga kelishlik uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz shahri sudiga yuborildi”, — deyiladi IIB bayonotida.

Sud esa jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudining ochiq sud majlisida ularga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, IIB YHXB ma’muriy binosi oldida oq rangli davlat raqam belgisi yechilgan holda barcha oynalari to‘liq qoraytirilgan Gentra avtomashinasi turganini ko‘rgan IIB YHXB boshlig‘i F.Yangiboyev ushbu avtomashinadan shubhalanib, hujjatlarini tekshirish va avtomashinaning kimga tegishli ekanini aniqlash uchun mashinaning oldiga borgan.

Shu paytda avtomashina oldida turgan A.Abdullayev avtomashina unga tegishli ekanini ma’lum qilib, o‘zining fuqarolik pasportini taqdim etib, avtomashinaga tegishli hujjatlarni esa bermagan.

“„Hohlasang o‘zing topib ol“, deb qo‘pollik qilgan. Shunda F.Yangiboyev va YPX inspektorlari M.Karimov, S.Pirmanov va D.Ashurov bilan birga ushbu avtomashinaning kimga tegishli ekanini aniqlash va sodir qilgan qoidabuzarligi uchun jarima maydoniga joylashtirmoqchi bo‘lganida haydovchi A.Abdullayevning yonida turgan fuqarolar M.Muzaffarov va U.Karimov IIB xodimlariga nisbatan qo‘pollik, hurmatsizlik va bepisandlik qilib, sensirab murojaat qilib, janjal qila boshlagan”, — deyiladi sud xabarida.

Aytilishicha, shundan so‘ng F.Yangiboyev Shahrisabz shahri IIBga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirib, yordamchi kuch yuborishni so‘ragan.

“IIB binosi va IIB YHXB binosi yonma-yon joylashgani uchun zudlik bilan Shahrisabz shahri IIB boshlig‘ining o‘rinbosari J.Raupov voqea joyiga yetib kelib, A.Abdullayev bilan suhbatlashib, undan „ushbu avtomashinaning egasi sizmi?“ deb so‘raganida A.Abdullayev unga nisbatan ham ko‘pchilik fuqarolar oldida „sen kimsan?“ deb qo‘pol munosabatda bo‘lib gaplasha boshlagan. Shunda A.Abdullayevning yonida turgan M.Muzaffarov va U.Karimov ularning suhbatiga aralashib, ular ham IIB boshlig‘ining o‘rinbosari J.Raupov va boshqa xodimlar bilan o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lib, „senlar gala vallomatlar jonga tegib ketdinglar, yashab bo‘lmay qoldi“ deb, atrofga ko‘plab odamlarni to‘plagan va fuqarolar oldida IIB xodimlarini obro‘sizlantirgan”, — deya ta’kidlanadi xabarda.

Sud IIB xodimlari blogerlarni tinchlantirishga harakat qilgani, ammo ular baqir-chaqir qilib, fuqarolarning oldida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, mayda bezorilik sodir etganini bildirdi.

Shundan so‘ng o‘sha yerda turgan yana bir oq rangli Gentra rusumli, davlat raqam belgisi yechib olingan, barcha oynalarining tusi o‘zgartirilib qoraytirilgan avtomashina turgani aniqlangani, surishtiruv jarayonida ushbu avtomashina M.Muzaffarovga tegishli ekani, avtomashinaning barcha oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz o‘zgartirilib qoraytirilgani, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingani ma’lum qilindi.

“Shuningdek, olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida A.Abdullayevga tegishli Gentra`ning barcha oynalarining tusi tegishli ruxsatnomasiz o‘zgartirilib qoraytirilgani, tegishli ruxsatnomasiz qayta jihoz o‘rnatilgani, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingani, tegishli ruxsat olmay turib, transport vositasiga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilma o‘rnatgani aniqlangan”, — deyiladi sud bergan ma’lumotda.

Sud qaroriga ko‘ra, A.Abdullayev

  • MJtKning 125-moddasi (Transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish) 3-qismi, 5-qismi;
  • 126-moddasi (Ko‘zgusimon va (yoki) tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish) 1-qismi;
  • 127-moddasi (Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish) 2-qismi;
  • 183-moddasi (Mayda bezorilik);
  • 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

U.Karimov MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga ham 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

M.Muzaffarov esa 125-moddaning 5-qismi, 126-moddaning 1-qismi va 183-moddada nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Qarordan norozi bo‘lgan jamoatchilik

Telegram`dagi Yuristkadr kanali muallifi, amaliyotchi yurist Saidali Muxtoraliyev “Yaqinda „183“ raqami va „bloger“ so‘zi sinonimga aylanadi, shekilli”, deya post qoldirdi va blogerlarning Jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tumani sudiga olib kirib ketilayotgani aks etgan videoni havola qildi.

Videoda Umid Karimov o‘zining aybdor emasligi, noqonuniy harakatlar sodir etmagani, buni bodikamera orqali tekshirib ko‘rishlari mumkinligini aytgan, shuningdek, “Agar adolatli siyosat bo‘lsa, ko‘ramiz ahvolni” deya sud binosiga kirib ketgan.

“MJtKning 183-moddasida ko‘rsatilgan jazoga tortish uchun shaxs mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kingan, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilgan hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik bilan bog‘liq harakatlar qilgan bo‘lishi kerak. O‘tgan xafta ko‘rgandik, mana bugun ham ko‘rdik, ertaga yana kimni ko‘rarkanmiz qamalganini? To‘g‘risi, hafsalani pir qiladigan ishlar bo‘lyapti”, — deya yozgan yurist o‘z postida.

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev “Bunda na mantiq va na qonuniylik bor. Qamash istagi bor xolos. Va bu istak hammasidan ustun”, — deya yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sudyalari mustaqil bo‘lmagan jamiyatda bunday ishlar bo‘lishi turgan gap. “Kelasi safar bu qamalganlar safida bugun qonunlarga tupurgan o‘sha istovchilarning yaqinlari bo‘lishi mumkin. Bunga tayyor bo‘ling!” — deydi u.

Yurist va bloger Bahodir Ahmedov holat haqida yozarkan, “MJTK „183“ (Mayda bezorilik) va „194“ (IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) qamoq uchun eng oson yo‘llar” ekanini bildirdi.

“Bir vaqtlar Kamoliddin Rabbimovgayam shu moddalar qo‘yilib, osonlikcha ma’muriy qamoq berilgandi. Bu moddalar so‘z erkinligiga qarshi rasmiy, qonundagi richaglar. Hech qaysi rasmiy buni to‘g‘rilaylik, deb chiqmaydi. Aslida shunday paytlarda sudlar qat’iyatli bo‘lishi kerak. IIB nimani bo‘lsa „183“, „194“ deb ko‘tarib kelaversa, sudlar notariuslik qilib, buni qarorlashtirib beraversa, dodingni kimga aytasan? Aynan ushbu huquqbuzarliklar bo‘yicha Oliy sud plenumi tushuntirishlariga avvalgidan-da ko‘proq muhtojmiz”, — deyiladi postda.

Yurist jurnalist va blogerlarga shu moddalarni yaxshilab bilib olishni maslahat berarkan, ertaga ularning oldidan chiqishi hech gap emasligi, “MJTK 183 va 194 o‘zbekning og‘zini yopish” ekanini ta’kidladi. Ushbu masala yuzasidan esa Oliy suddan asoslantirilgan izoh kutishini keltirib o‘tdi.