25−28-may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida Ustyurt tekisligi va Orol dengizining qurigan tubida IV xalqaro Rally Muynak — 2023 ekstremal avtomobil musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar qildi.

Rally Muynak ekstremal avtomobil musobaqalari dastlab O‘zbekiston prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PK-5611-son qaroriga muvofiq 2019-yil o‘tkazilgan.

Musobaqalarda dvigatel hajmi 1600 sm³ va 2000 sm³ bo‘lgan maxsus uskunalangan sport avtomobillari, shu bilan birga, dvigatel hajmi 1600 sm³ bo‘lgan baggi sport avtotransportlari hamda dvigatel hajmi 152 sm³ dan 500 sm³ gacha bo‘lgan mototsikllar ishtirok etdi.

Nurulloh Sharipov / “Gazeta.uz”

Sport avtomobillari umumiy uzunligi 425 kilometrni tashkil etuvchi trassa bo‘ylab harakatlandi. Ushbu masofaning aksariyat qismi Ustyurt tekisligi va Orol dengizining qurigan tubidagi ekstremal hududlardan iborat. Baggi va mototsikl musobaqalari esa maxsus trassada o‘tkazildi.

“20 yoshimdan beri avtosportga qiziqaman. Birinchi bor 28 yoshimda Pskentda o‘tkazilgan aylana trassali avtopoygada qatnashganman. Rally Muynak musobaqasida dastlab 2019-yilda qatnashganman. O‘sha musobaqada ikkinchi o‘rinni olganmiz. 2021-yilgi poygada esa uchinchi o‘rinni olganmiz. Bu musobaqa juda ekstremal bo‘lgani uchun bizga qiziq va aynan shuning uchun qatnashish maqsadida 1,5 ming km yo‘l bosib kelamiz”, — deydi Toshkent shahridan kelgan sportchi.

Xavfli vaziyatlar

Musobaqada baxtsiz hodisalar ham sodir bo‘ldi. Xususan, sport avtomobillarining biri qisqa tutashuv sabab yonib ketgan bo‘lsa, yana biri boshqaruvni yo‘qotib ag‘darilib ketdi. Hodisalar oqibatida haydovchilarga jiddiy jarohat olmadi.

“Poyga davomida trekning eng xavfli joylarida ham xavfsizlik me’yorlariga amal qilingani va tajriba tufayli ishtirokchilar jiddiy jarohat olmadi”, — deyiladi Qoraqalpog‘iston turizm vazirligi axborot xizmati xabarida.

G‘oliblar

A-8 klassi bo‘yicha 1600 sm³

  1. Daminov Farhod, Alirzayev Azamat (Toshkent shahri) — 100 mln so‘m;
  2. Nabiyev Sanjar, Toshpulatov Javohir (Jizzax viloyati) — 50 mln so‘m;
  3. Toshpulatov Umid, Temirov Jasur (Qashqadaryo viloyati) — 15 mln so‘m.

A-9 klassi bo‘yicha 2000 sm³

  1. Urunov Farruh, Alimov Sergey (Toshkent shahri) — 100 mln so‘m;
  2. To‘ychiyev Ibrohim, To‘ychiyev Baxtiyor (Andijon viloyati) — 50 mln so‘m;
  3. Axtamov Fikrat, Jumayev Firuz (Samarqand viloyati) — 15 mln so‘m.

Baggi bo‘yicha

  1. Kobilov Ravshan (Toshkent shahri) — 15 mln so‘m;
  2. Kozakov Abdumannon (Andijon viloyati) — 10 mln so‘m;
  3. Istamov Murod (Buxoro viloyati) — 5 mln so‘m.

Mototsikllar klacci bo‘yicha 125 sm³

  1. Axmedov Baxtiyor (Buxoro viloyati) — 15 mln so‘m;
  2. Saturyan Bogdan (Navoiy viloyati) — 10 mln so‘m;
  3. Rajabov Asadbek (Buxoro viloyati) — 5 mln so‘m.

Mototsikllar klacci bo‘yicha 500 sm³

  1. Samatov Jasur (Buxoro viloyati) — 15 mln so‘m;
  2. Xalimboyev Bekzod (Buxoro viloyati) — 10 mln so‘m;
  3. Adxamov Ibrohim (Andijon viloyati) — 5 mln so‘m.

Mo‘ynoqda ushbu kunlarda musobaqa jarayonlaridan tashqari kunduzi oshpazlarning gastronomik tomoshalari bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, kechqurun didjeylarning elektron musiqiy konsert dasturlari tashkillashtirildi.