may kuni 28Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasi”ga o‘rnatilgan byustlardan birini urib, noo‘rin harakatlar qilgan 27-maktabning 3 nafar 6 sinf o‘quvchisining ota-onalariga nisbatan jarima tayinlandi. Bu haqda viloyat IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, o‘quvchilar keyinchalik ushbu holat videosini Instagram ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgan. “Video internet foydalanuvchilari orasida ko‘plab e’tiroz va muhokamalarga sabab bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Tuman IIB xodimlari tomonidan o‘quvchilar, ularning ota-onasi, maktab va mahalla mas’ullari ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazilgan va o‘quvchilarga nafaqat Yangiyo‘l tumani, balki viloyat faxri bo‘lgan bunday shaxslar xotirasiga hurmatsizlik qilish ham noto‘g‘ri ekanligi tushuntirilgan.

Ushbu holatda shaxslar voyaga yetmaganligi inobatga olinib, O‘zbekiston MJtKning 47-moddasi 1-qismiga (Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi — BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi) asosan, ularning ota-onalariga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi.