O‘zbekistonda haj mavsumi 4-iyundan boshlanib, mamlakatdan Saudiya Arabistoniga 19-iyunga qadar har kuni 4 ta aviaqatnov amalga oshiriladi, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati.

Respublikaning 10 ta hududiy aeroportlaridan — Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Farg‘ona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina yo‘nalishlari bo‘yicha ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.

Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish hamda o‘tkazish bo‘yicha Respublika Jamoatchilik kengashi “Haj — 2023” mavsumida ziyoratchilarni guruhlarga ajratish, ellikboshilar biriktirish, ularning malakasini oshirish, shifokorlash ajratish, oshpazlarni jalb etish ishlarini yakuniga yetkazgan.

Mavsumga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan. Zyoratchilar istiqomat qilishi rejalashtirilgan Madina shahridagi Zam-zam Pullman, Makka shahridagi Roshidiya, Abraj al-Dana, Laba Darna, Ruba al-Hijaz mehmonxonalari atroflicha ko‘zdan kechirilmoqda.

Foto: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

“Tajribali ulamolar tomonidan ellikboshilar bilan ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish yuzasidan safar oldi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tildi. Haj amalining fazilati, ruknlari, safarga tayyorgarlik ko‘rishda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqidagi masalalar bayon etilmoqda. Shuningdek, haj ibodatining odoblari va tartib-qoidalari ham tushuntirilmoqda. Qolaversa, ziyoratchilarga haj risolasi ham taqdim etildi”, — deyiladi xabarda.