Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — “Asaxiy.uz” internet-do‘koni va Asaxiy Books loyihasi asoschisi Firuz Allayev.

Mutolaa haqida

Kitob o‘qish bolalikdan hayot tarzimga aylangan desam ham aldamagan bo‘laman. Oldin kitobni shunchaki hobbi, dam olish yoki bilim orttirish uchun o‘qigan bo‘lsam, endi, Asaxiy Books nashriyoti ishga tushirilgach, ularni professional sifatida o‘qishga majburman. O‘zbek tiliga tarjima qilish uchun kitoblar qidirib ham mutolaadan to‘xtamaymiz. Avvallari yiliga 20−30 ta kitob o‘qigan bo‘lsam, hozir bir yilda 50−60 tagacha kitobni o‘qib tugataman. Bir vaqtning o‘zida to‘rt-besh xil kitobni parallel o‘qiyman, kuniga 100−300 bet atrofida mutolaa qilaman. Bu raqamlar safardalik vaqtim kamayib, uyda bo‘lganimda oshib boradi. Kitoblar bilan yashayman, desam ham bo‘ladi.

Kitob, umuman har qanday yaxshi kontent miya uchun ozuqa. Miyani oziqlantirib turmasa, mantig‘imiz va aqliy qobiliyatimiz noto‘g‘ri yo‘lga ketib qolishi mumkin. Dunyoga adekvat qarashimiz, vaziyatlarni to‘g‘ri baholashimiz, boshqalarni tushunishimiz uchun ham mutolaa dolzarb hisoblanadi.

So‘nggi vaqtlarda o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Oldos Haksli. “Ajib yangi dunyo”. Asaxiy Books nashriyoti. 2021-yil. 260 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, tavsiyalar, фирuз аллаев

Shunday kitoblar bo‘ladiki, bir o‘qiganing butun umr ta’sir qiladi. Haksli yaratgan antiutopik dunyo kundan-kunga reallikka aylanyapti va shuning uchun ham u bizni qayta-qayta o‘ylashga majbur qiladi. Hakslining antiutopiyasi Oruellnikidan nimasi bilan farq qiladi? Oruellda insonning erki cheklovlar vositasida boshqariladi, Hakslida esa, yo‘q, erk cheklanmaydi — axborot, lazzat beruvchi va ko‘ngilochar narsalar shu qadar ko‘payadiki, texnologik yutuqlar va ko‘ngilxushlik bilan band insonlar o‘z ixtiyorini ongli tarzda topshiradi.

Sun’iy idrok orqali iste’molchi madaniyatimiz shakllanayotganini, bolasiga bir kunda 10−20 daqiqa vaqt ajratmaydigan, lekin o‘zi Instagram yoki boshqa shu kabi servislarda videokontent ko‘rishdan nariga o‘tmaydigan, jiddiy mavzulardan zerikib qoladigan odamlarni ko‘rganimda Haksli naqadar haq deb yuboraman bexos. Sotib olish.

Piter Hopkirk. “Katta o‘yin. Ikki imperiya to‘qnashuvi”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 744 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, tavsiyalar, фирuз аллаев

Bu kitobni ilk bor Parijdagi kutubxonada o‘qigandim. Kitobning dastlabki 15 beti menga juda yoqqandi. Har kuni kutubxonaga qatnab, 740 sahifalik kitobni 2−3 soat erinmay o‘qiydigan bo‘ldim. Ancha vaqt olgandi, lekin maza qilganman. Unda yaqin o‘tmishimiz — XIX asr oxiri va XX asr boshida Markaziy Osiyo uchun Rossiya va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi kurash juda sodda va qiziqarli tarzda hikoya qilinadi. Mutolaa davomida go‘yo josuslar bilan birga Markaziy Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston bo‘ylab sayr qilgandek bo‘lganman.

Piter Hopkirkning bu kitobini o‘qib anglagan haqiqatim shuki — xalqaro siyosatda do‘st bo‘lmaydi, hamma narsa manfaat ustiga qurilgan. Shuning uchun bugun ham O‘zbekiston xalqaro siyosatda faqat o‘z manfaatidan kelib chiqib harakat qilishi kerakligini muntazam ta’kidlab kelaman. Sotib olish.

Charlz Uilan. “Yalang‘och iqtisodiyot”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 540 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, tavsiyalar, фирuз аллаев

“Katta o‘yin”ni mazza qilib o‘qiganlarga (va, umuman olganda, uni o‘qimaganlarga ham — hammaga) “Yalang‘och iqtisodiyot”ni ham tavsiya qilgan bo‘lardim. Unda ham o‘ta murakkab mavzu sodda va qiziqarli tilda, kulgili hazillar bilan ochib berilgan. O‘qib chiqqaningizdan so‘ng, ishonchim komil, ancha vaqtgacha shu kitob haqida fikrlab, uning taassurotida yurasiz. Sotib olish.

Svetlana Aleksiyevich. “Chernobil tavallosi”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 396 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, tavsiyalar, фирuз аллаев

Bu kitobni o‘qiganimda bo‘g‘zimga bir narsa tiqilgan; alam bilan o‘qilgan kitob. Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi, belaruslik Svetlana Aleksiyevich Chernobil fojiasini voqea guvohlari — oddiy xalq tilidan hikoya qiladi. Bu fojiaga xalq qanday guvohi bo‘lgan, ularning hayotida bu voqea qanday aks etgan — shu kabi muhim savollarga javob topasiz. O‘qilishi va xulosalar chiqarilishi kerak bo‘lgan kitob. Sotib olish.

Uolter Ayzekson. “Kod buzar”. Asaxiy Books nashriyoti. 2023-yil. 736 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, tavsiyalar, фирuз аллаев

“Kod buzar” — Uolter Ayzeksonning Nobel mukofoti sohibi hisoblangan genetik olim Jennifer Dudna haqidagi kitobi. Bu ilmiy-ommabop kitob nimasi bilan ahamiyatli? Ilm-fan muhiti qanday ishlaydi, laboratoriyalardagi haqiqiy muhit qanday bo‘ladi, olimlar qanday tarbiyalanadi, ular bir-biri bilan qanday raqobat qiladi — ilm-fan dunyosiga ichidan nazar solib, shu kabi savollarga javob topamiz. Ikkinchidan, kitobning eng asosiy mavzusi — genetika, gen injeneriyasi bo‘lib, genlarning o‘zgartirilishi insoniyat kelajagini qanchalik o‘zgartiradi va bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ajoyib bayonot berilgan. Uolter Ayzekson ilm-fan dunyosi bilan birga, genetikadek o‘ta bir murakkab mavzuni juda sodda tilda bayon qilib bera olgan.

Asaxiy Books tarixidagi eng muhim kitoblardan biri hisoblangan “Kod buzar” iyun oyida o‘zbek tilida taqdim etiladi va, o‘ylaymanki, o‘zbekistonlik kitobxonlar uchun juda katta yangilik bo‘ladi. Sotib olish.

Klaus Shvab. “To‘rtinchi sanoat inqilobi”. Asaxiy Books nashriyoti. 2022-yil. 248 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, tavsiyalar, фирuз аллаев

Biz zamonaviy texnologiyalar individual darajada xizmat ko‘rsatib, bu orqali bizneslarni, sog‘liqni saqlashni, ekologiyani, hamma-hamma narsani va hatto mamlakatlarni o‘zgartirayotgan bir davrda yashab turibmiz. Buyog‘iga dunyo qanday bo‘ladi, endi nimalarni kutish kerak, bugungi texnologiyalar, texnologik taraqqiyot qanday oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin, biz bu oqibatlarga qanday tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak — “To‘rtinchi sanoat inqilobi” kitobida aynan shu savollarga jahonning ko‘zga ko‘ringan arboblari bilan uyushtirilgan intervyular orqali mantiqiy javoblar izlangan.

Kitob muallifi — Butunjahon iqtisodiy forumi asoschisi va prezidenti Klaus Shvab turli sohalardagi o‘zgarishlar ehtimolini tahlillar asosida ko‘rsatib beradi. Bu kitob bilan tanishib chiqqan kishi kamida o‘zi uchun yaqin kelajak bo‘yicha to‘g‘ri yo‘nalish ola biladi. Bu kitobni hukumat vakillariga, davlat tashkilotlaridagi ishlaydigalarga doimiy tavsiya qilib kelaman — chunki unda davlatlarni yaqin kelajakda nimalar kutmoqda va ular qanday qanday tayyorgarliklar ko‘rib qo‘yishi kerak deganga o‘xshash savollarga javoblarni topish mumkin. Bu kitob o‘qishga qat’iy tavsiya etiladi. Sotib olish.

Toni Shey. “Baxt yetkazish. Milliard dollarlik internet-do‘kon tarixi”. Asaxiy Books nashriyoti. 2020-yil. 298 sahifa

kitob, kitoblar, kitobxonлик, mutolaa, niма o‘qiymiz, tavsiyalar, фирuз аллаев

Qayta-qayta o‘qiydigan kitoblarimdan biri. Yaqinda yana bir marta, adashmasam, oltinchi marta o‘qib chiqdim. Korporativ muhit, startaplar muhiti haqidagi bu kitobni tadbirkor bo‘lmoqchi bo‘lgan hammaga, tadbirkor do‘stlarimizga, biznes rahbarlariga, umuman, boshqaruv bo‘g‘inida ishlaydigan hamma-hammaga tavsiya qilgan bo‘lardim.

Bu kitobda jamoani qanday shakllantirish kerak, qanday qilib mijozga moslashgan o‘ta sifatli xizmatni yo‘la qo‘yish mumkin, startaplar qanday tashkil etiladi, qanday rivojlantiriladi va qanday sotiladi, investitsiya topish qanchalik qiyin — shu kabi savollarga tushunarli bir tilda qiziqarli javoblar berilgan. Toni Sheyning bu kitobini o‘qigan tadbirkor o‘z biznesiga o‘zgartirishlar, tuzatishlar kiritmay qo‘ymaydi. Sotib olish.

Yoshlarga tavsiyalar

  • Devid Bax, Jon Devid Man. “Latte omili. Moliyaviy mustaqillik va erkin hayot sari” (sotib olish);
  • Ato Hamdam, Leonid Chigrin. “Yapon zobiti” (sotib olish);
  • Ramita Navai. “Yolg‘onlar shahri” (sotib olish);
  • Teodor Drayzer. “Sarmoyador” (sotib olish);
  • Jorj Oruell. “1984” (sotib olish), “Molxona” (sotib olish);
  • Rey Bredberi. “Farangeyt bo‘yicha 451 daraja” (sotib olish);
  • Piter Til. “Noldan birgacha: startaplar haqida qaydlar yoxud kelajakni qanday qurish mumkin” (sotib olish);
  • Hans Rosling. “Factfulness” (sotib olish);
  • Larisa Burakova. “Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?” (sotib olish);
  • Den Braun. “Ibtido” (sotib olish);
  • Malkolm Gladuell. “Zukkolar va landavurlar” (sotib olish);
  • Jon Miller. “SOS! Savol ortidagi savol” (sotib olish);
  • Uolter Ayzekson. “Stiv Jobs” (sotib olish);
  • Brayan Dyumeyn. “Bezonomika: Kak Amazon menyayet mirovoy biznes. Pravila igrы Djeffa Bezosa”
  • Aleksandr Dyuma. “Graf Monte Kristo” (sotib olish);
  • Chingiz Aytmatov. “Birinchi muallim”;
  • Abdulhamid Cho‘lpon. “Kecha va kunduz” (sotib olish);
  • Ayn Rand. “Atlas shrugged”;
  • Brett King. “Bank 4.0: Banking Everywhere, Never at a Bank”;
  • Barbara Oakley. “A Mind For Numbers”;
  • Yuval Noah Harari. “Homo Sapiens”, “Homo Deus”, “21 Lessons for the 21st Century” (sotib olish);
  • Gregory Roberts. “Shantaram”;
  • Erik Ris. “Noldan boshlangan biznes. Lean Startup uslubi” (sotib olish);
  • V. Chan Kim, Rene Moborn. “Moviy ummon strategiyasi. Raqobatchilarsiz bozorni topish yoki yaratish strategiyalari”;
  • Hervé Le Tellier. “L'Anomalie”;
  • Tara Westover. “Educated: A Memoir”.