O‘zbekistonda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi Toshkentdagi Vestminster universiteti talabasi 2022-yilda hali voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilgani haqida xabar bergandi. Shundan so‘ng Toshkent shahri sudi matbuot xizmati ham voqea yuzasidan ma’lumot berdi.

Unda qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudining 2023-yil 13-apreldagi hukmi bilan sudlanuvchi Sh. X. (2003-yilda tug‘ilgan) 2022-yilning kuzida voyaga yetmagan D.Sh. (2007-yilda tug‘ilgan)ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoiy harakatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Bunda uning zimmasiga

  • kafe, bar, restoran va boshqa ko‘ngilochar joylarga bormaslik;
  • ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
  • mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Toshkent shahri hududidan tashqariga chiqmaslik;
  • jabrlanuvchi D.Sh. bilan ko‘rishmaslik va har qanday usulda u bilan suhbatlashmaslik;
  • alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar (cheklashlar) yuklatilgan.

Tuman prokuraturasi tomonidan keltirilgan protestga asosan, ushbu jinoyat ishi Toshkent shahri sudining apellyatsiya instatsiyasida ko‘rib chiqilib, 13-apreldagi hukm o‘zgartirilgan.

Sudlov hay’atining 18-maydagi ajrimi ko‘ra X.Sh.ning zimmasiga 13-apreldagi sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan so‘ng

  • nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash, ish hamda o‘qish joyini o‘zgartirmaslik;
  • Internet tarmoqlaridan foydalanmaslik kabi taqiqlar (cheklashlar) qo‘shimcha ravishda yuklatilgan.