O‘zini Prezident administratsiyasi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs va uning sherigi fuqaroga uni tumanga hokim qilib qo‘yishini aytib, 80 ming dollar so‘ragani aniqlandi, deb xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, 18-may kuni IIVga Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilgan.

Unga ko‘ra, aprel oyida o‘zini Prezident administratsiyasi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs va uning sherigi Uchko‘prik va Beshariq tumanlari hokimlari 30-apreldagi referendumdan so‘ng lavozimidan olinishi, o‘rniga nomzod qidirilayotganini aytgan.

Fuqarodan esa Uchko‘prik tumaniga hokim etib tayinlanish evaziga 80 ming dollar, hujjatlarni rasmiylashtirish uchun oldindan 25 ming dollar so‘ralgan. Shundan so‘ng fuqaro ularga qonuniy jazo ko‘rishlarini so‘rab murojaat qilgan.

Arizaga ko‘ra o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Mirobod tumanida 2 nafar shaxs ariza muallifidan 25 ming dollarni bo‘nak sifatida olgan vaqtda ushlandi. Ularning yonidan bir necha fuqarolarning rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun Prezident administratsiyasiga yozgan arizalari tekshirish uchun olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdordagi firibgarlik) va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” (Juda ko‘p miqdorda pora berish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, har ikki gumonlanuvchi protsessual tartibdi qamoqqa olingan.