25-may kuni Toshkentning Olmazor, Sergeli va Yashnobod tumanlaridagi ba’zi hududlarida gaz ta’minoti to‘xtatiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Olmazor tumani, “Guruchariq” MFY Qorasaroy ko‘chasidan o‘tgan yer osti o‘rta bosimli gaz quvurida nosozlik aniqlangan. “Hududgaz Poytaxt”ning “Olmazortumangaz” filiali tomonidan ushbu holatni bartaraf etish maqsadida ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Shu munosabat bilan, 25-may kuni soat 11:00 dan 18:00 gacha tumanning “Guruchariq”, “Istiqbol” va “Qorasaroy” mahallalarida gaz ta’minoti to‘xtatiladi.

“Hududgaz Poytaxt” GTFning “Sergelitumangaz” filiali tomonidan Sergeli tumani, “Qut-baraka” (“Belariq”) va “Ko‘hna Qumariq” MFYlari hududida gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari olib boriladi.

Shu munosabat bilan, 25-may kuni soat 11:00 dan 15:00 gacha tumanning “Belariq” va “Ko‘hna Qumariq” mahallalarida gaz ta’minoti to‘xtatiladi.

“Hududgaz Poytaxt” GTFning “Yashnobodtumangaz” filiali tomonidan Yashnobod tumani, “Fidoyilar” mahallasi, 22-Harbiylar shaharchasi hududidan o‘tgan past bosimli gaz quvurini ko‘chirish ishlari olib boriladi.

Shu munosabat bilan, 25-may kuni soat 10:00 dan 17:00 gacha tumanning 22-Harbiylar shaharchasi hududida gaz ta’minoti to‘xtatiladi.