Ukrainadagi urush va xalqaro sanksiyalar fonida Rossiyaning “MDHda yirik diplomatik hamkor va xavfsizlik kafolati, shuningdek, iqtisodiy markaz sifatidagi roli yemirilmoqda”. Bu haqda Moody’s xalqaro reyting agentligining MDH mamlakatlari geosiyosiy dinamikasi bo‘yicha sharhida aytiladi.

Biroq Rossiyaning geosiyosiy ambitsiyalari pasaygani yo‘q, deydi tahlilchilar. Rossiya o‘z ta’sirini saqlab qolish uchun vaqti-vaqti bilan siyosiy aralashuv, beqarorlik va dezinformatsiyaga murojaat qiladi. “Boshqa hollarda, u o‘zining geosiyosiy majburiyatlaridan voz kechishi yoki uning o‘rniga o‘z qadriyatlarini ilgari surish kabi yumshoq kuch strategiyalariga e’tibor qaratishi mumkin”, — deyiladi sharhda.

Moody’s agentligi Rossiyaning jahon sahnasiga ta’sirining zaiflashishi MDH mintaqasi va ayniqsa, Markaziy Osiyoda geosiyosiy ittifoqlarning o‘zgarishiga olib kelishini kutmoqda. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy, AQSh, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Turkiya va Eron tobora muhim rol o‘ynaydi.

“Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Markaziy Osiyoni Rossiyaning barqaror diplomatik hamkor, jumladan, xavfsizlik kafolati sifatidagi rolini qayta ko‘rib chiqishga olib keldi”, — deb yozadi tahlilchilar.

Rossiyaning iqtisodiy ta’siri kuchliligicha qolmoqda, biroq Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘zlarining eksport yo‘nalishlarini Yevropa Ittifoqi va Xitoy kabi boshqa yirik bozorlarga diversifikatsiya qilishga intilmoqda, deya qayd etadi Moody’s. Shunday qilib, 2022-yilda Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 70,2 mlrd dollarga yetdi va 2021-yilga nisbatan 40 foizga o‘sdi. Turkiyaning mintaqadagi roli ham ortib bormoqda.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari ham tashqi moliyalashtirish manbalarini qidirmoqda, xususan, mintaqaga qiziqish bildirgan Yevropa Ittifoqi va AQShdan, deb yozadi Moody’s. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi allaqachon mintaqadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun asosiy manba bo‘lib, uning ulushi 40 foizdan ortiqni tashkil qilmoqda.