22-may kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida 242-maktab o‘quvchisi tanishini pichoqlab o‘ldirdi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

O‘sha kuni soat 23:30 da 19 yoshli o‘quvchi uning Samsung telefonini olib qo‘yishga harakat qilgan tanishi bilan janjallashgan. So‘ngra o‘quvchi o‘tkir tig‘li jism bilan bir necha marotaba tanishiga tan jaroxat yetkazgan va voqea joyidan yashiringan.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ma’lum qilishicha, janjal o‘quvchi va 21 yoshli tanishi bir-birini haqorat qilishidan kelib chiqqan. So‘ngra bir-biriga pichoq o‘qtalgan.

O‘quvchi R.A. Zangiota tumani sudining 2022-yil 1-iyundagi qaroriga asosan 24-tarbiya koloniyasidan Olmazor tumanidagi 242-maktabga o‘qishga qabul qilingan. Tarbiya koloniyasidan kelgani sababli o‘quvchi maktabning ichki ro‘yxatida turadi.

“IIB xodimlari hamda maktab ma’muriyati u bilan muntazam profilaktik suhbatlar olib borgan. Darslarda muntazam qatnashgan. 2022−2023 o‘quv yili davomida u bilan muammoli vaziyat bo‘lmagan. Maktabga muntazam kelgan. Hulqida o‘zgarish bo‘lmagan”, — deyiladi xabarda.

Olingan tan jaroxatlari oqibatida jabrlanuvchi vafot etgan. Xolat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi kuzg‘atilgan. Gumonlanuvchi ushlangan.