1-iyundan “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi Paynet orqali naqd pul yechish xizmati sinov tarzida ishga tushiriladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mazkur xizmatdan aholi “UZPAYNET” kassalari orqali foydalanishlari mumkin bo‘ladi hamda sinov muddati joriy yilning dekabr oyigacha davom etadi.

Avvalroq Markaziy bank “Tartibga solish qumdoni” ishtirokchisi hisoblangan Korzinka supermarketlar tarmog‘i (“Anglesey Food” MCHJ XKga qarashli) kassalarida bank kartalaridan naqd pul yechish xizmati yo‘lga qo‘yilgandi.

Korzinka kassalari orqali bank kartalari saqlovchilariga naqd pul berishning vaqtinchalik tartibi 28-aprel kuni tasdiqlangan. Sinov 1-maydan joriy yil 1-noyabriga qadar davom etadi.