O‘zbekistonning 25 yoshgacha bo‘lgan fuqarolari uchun xorijga chiqish pasporti endi 5 yil muddatga beriladi. Ilgari hujjat 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga 5 yil muddatga, 16 yoshdan oshgan fuqarolarga 10 yil muddatga berilardi. Davletovuz blogi muallifi Twitter`da bunga e’tibor qaratdi.

Qonun hujjatlariga prezidentning 2022-yil 16-iyundagi qarori bilan o‘zgartirish kiritilgan. Rasmiy organlar va OAV pasport berish tartibini soddalashtirgan (xususan, uni ro‘yxatdan o‘tgan joyidan qat’i nazar olishga ruxsat etilgan) ushbu hujjat haqida xabar bergan, ammo yoshni 16 yoshdan 25 yoshgacha oshirish bandi e’tibordan chetda qolgan.

Pasport olish bo‘yicha aksariyat saytlar, jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida hamon eski ma’lumotlar mavjud.

1 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun pasport hali ham 2 yil muddatga beriladi.

Ma’lumot uchun, 2022-yilning noyabr oyidan boshlab davlat xizmatlari portalida pasport berish xizmatlarini ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatilgandi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazining xati asos qilib olingan.

Xorijga chiqish pasportini olish uchun murojaat qilgan ayrim o‘zbekistonliklarning bildirishicha, 22−23 yoshgacha bo‘lgan har ikki jinsdagi fuqarolar bilan terrorizmga qarshi kurash bo‘limi vakili va mahalladagi uchastka inspektori suhbat o‘tkazgan.

Yoshlardan chetga chiqish maqsadi va xorijda qolish muddati, shuningdek, ota-onalarning sayohat haqida xabardorligi so‘raladi. Ba’zilar ro‘yxatdan o‘tish joyida yoshlar bilan ishlash tashkilotidan ma’lumotnoma so‘rashganini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakatdan vaqtinchalik chiqish uchun ariza bergan 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar suhbatdan o‘tishga majbur qilingandi. Bundan tashqari, turmush o‘rtog‘ining ruxsati yoki ishonchli vakilining kafolati, mahalladan ma’lumotnoma olish, shuningdek, test sinovlaridan o‘tish kerak bo‘lgan. 2018-yil may oyida bu talab o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahri IIB boshlig‘i Rustam Jo‘rayevning buyrug‘i bilan bekor qilingan.