Toshkent shahri Olmazor tumani IIO profilaktika inspektori, katta leytenant N.Bobomurotov 2022-yilning noyabr oyida xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida o‘ldirib ketilgan edi. Uning qotiliga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Milliy TV telekanalining Millar ko‘rsatuvi.

Ma’lum qilinishicha, muqaddam sudlangan, 1992-yilda tug‘ilgan sudlanuvchi B.Z. shar’iy nikohida bo‘lgan ayolini inspektordan rashk qilib, uni o‘ldirgan. Holat inspektor Olmazor tumanining “G‘alaba” mahallasiga tezkor chaqiruv bo‘yicha yetib borganida yuz bergan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi pichoqni jabrlanuvchining son qismi va ko‘krak sohasiga urgan. Voqea payti inspektorning oldida bo‘lgan ayol — sudlanuvchining turmush o‘rtog‘i holatni quyidagicha esladi:

“O‘lgan odam o‘zini inspektor deb tanishtirgan, o‘sha kuni formada emas edi. Gaplashib olaylik, dedi. Tashqariga chiqib, tinchlikmi desam, mashinaga o‘tiring, gaplashib olaylik, dedi. Mashinasiga chiqdim, o‘tirdim. Xo‘jayinim bizni kuzatayotganini ko‘rmadim. Xo‘jayinim mashina eshigini ochib, bu yerda nima bo‘lyapti, tushunmadim, dedi. Keyin men noto‘g‘ri tushunyapsiz, dedim. Ular urishib ketdi. Qonni ko‘rib, qochdim. Shunchaki rashk tufayli o‘ldirib qo‘ydi. To‘g‘risini aytaman, mening bu yerda hech qanaqa aybim yo‘q. Inspektorga oilam haqida gapirib yurgandim, shuning uchun oldiga chiqqandim. Yuradigan ayol emasman. Hozir uch bola bilan men ko‘chada qolib ketdim”.

Inspektorning otasi sudlanuvchiga o‘ta og‘ir jazo berilishini so‘ragan. “Bu qolganlarga ham o‘rnak bo‘lsin”, — deydi u. Sudlanuvchi ham jurnalistlarga intervyu berarkan, voqea haqida o‘z fikrlarini aytdi.

“Lacetti avtomobili ayolimning mahallasiga kirib ketayotganini ko‘rib qoldim. Keyin ayolim o‘sha mashinaga chiqib, o‘tirib ketdi. Mashinaning orqasidan sekin kuzatib bordim. Ruldagi odamga mashinadan tushishini, kimligini, ayolning eri ekanimni aytdim. Bir-birimizga so‘kinib, urishib ketdik. Qo‘limda pichog‘im bor edi. Pichoqni bir marta uning son qismiga tiqdim. Baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Soat kechasi 00:30 lar edi. Keyin pichoqni olib ketdim”, — dedi u.

Sudlanuvchi voqea haqida tarmoqlarda tarqalayotgan turli gap-so‘zlarga ham munosabat bildirdi.

“Internetda ayoli bilan urishibdi, ayoli 102 chaqiribdi, inspektor kelibdi va uni eri pichoqlab qo‘yibdi, degan turli yolg‘on xabarlar tarqalyapti menga nisbatan. Ikkinchi pichoqni men urmadim. Qarsak bitta qo‘ldan chiqmaydi. Hozir men u oq yoki bu qora demoqchi emasman. U ko‘zini qisibdi, bu ipini uzibdi. Men bu voqeada haqiqiy jabrlanuvchiman”, — dedi sudlanuvchi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi, 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan deb topildi va uzil-kesil 14 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.