Xitoy O‘zbekiston fuqarolarining mamlakatga kirishini soddalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Xitoy raisi Si Szinpinning 18-may kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha mamlakatlarning qo‘shma bayonotida so‘z borgan.

Tomonlar 2019-yilda mamlakatlar hukumatlari o‘rtasida ishbilarmon doiralar vakillari uchun viza tartibini soddalashtirish to‘g‘risida imzolangan kelishuv “ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, iqtisodiy, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish” uchun keng istiqbollarni ochganini ta’kidlagan.

Xitoy tomoni Xitoy fuqarolari uchun O‘zbekistonga 10 kunlik vizasiz kirish siyosatini yuqori baholaydi va O‘zbekiston fuqarolarining Xitoyga kirishini osonlashtirish choralarini ko‘rishga tayyor, deyiladi bayonotda.

Xitoy O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va bu borada zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekani qayd etildi.

“O‘zbekiston „Yagona Xitoy“ tamoyilini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi va XXR hukumati butun Xitoyni ifodalovchi yagona qonuniy hukumat ekanini va Tayvan Xitoy hududining ajralmas qismi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Tayvan bilan hech qanday rasmiy almashuvlar o‘tkazmasligini va Tayvan bo‘g‘ozining har ikki tomonidagi munosabatlarning tinch yo‘l bilan rivojlanishini va Xitoy hukumati tomonidan milliy birlashishga erishish uchun ko‘rilayotgan barcha sa’y-harakatlarni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlaydi”, — deyiladi bayonotda.

Xitoy O‘zbekistondan yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importini kengaytirishga hamda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarining ayrim toifalari uchun karantin ruxsatnomalarini tasdiqlashni jadallashtirishga tayyor ekani bildirildi.

O‘zbekiston Xitoy kompaniyalarini O‘zbekistondagi quyosh, shamol va gidroenergetika loyihalarida ishtirok etishga taklif qildi. O‘zbekiston tomoni Xitoy texnologiyalari va kapitalini joriy etishga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari loyihalarini va tegishli uskunalarni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga, mutaxassislarni birgalikda tayyorlashga tayyor ekani ko‘rsatildi.

“Ikki tomon ham Xitoy-Markaziy Osiyo gaz quvurining barqaror ishlashini va kelishilgan rejaga muvofiq yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik qiladi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Xitoy Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi ikki davlat va mintaqa o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda tarixiy ahamiyatga ega, deb hisoblaydi. Tomonlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish tugallanganidan mamnun va temiryo‘l qurilishini yakunlash va tayyorlashga birgalikda hissa qo‘shishga tayyor.

Ikki tomon ham Xitoy-Markaziy Osiyo transport koridorini qurilishini jadallashtirish, “Xitoy-Markaziy Osiyo” temiryo‘l konteyner tashuvini rivojlantirish, Xitoy-Tojikiston-O‘zbekiston avtomobil yo‘lining uzluksiz ishlashini ta’minlash va yuk tashish hajmini oshirishga tayyorligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari 2023−2027-yillarda ikki davlat o‘rtasida yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini, shuningdek, hamkorlikka oid 41 ta hujjatni, jumladan:

  • elektr uzatish liniyalari va nimstansiyalarini qurish loyihasini moliyalashtirish to‘g‘risida;
  • multimodal logistika markazini tashkil etish to‘g‘risida;
  • “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati negizida lokomotiv parkini yangilash va modernizatsiya qilish to‘g‘risida;
  • Agroinnovatsiyalar parkini tashkil etish to‘g‘risida;
  • biotexnologik klasterni yaratish bo‘yicha;
  • O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ lokomotivlari parkini yangilash va modernizatsiya qilish to‘g‘risida;
  • EXEED kompaniyasi bilan birgalikda zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarish to‘g‘risida;
  • BYD Auto Industry kompaniyasi bilan birgalikda elektr va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish to‘g‘risida hujjatlarni imzolagan.