Ba’zida kino ko‘rging keladiyu, lekin nima ko‘rishni bilmaysan: kinodan ko‘pi bormi? Lekin bir tavsiya bo‘lsayu, unga ishonib, tomoshani boshlasang. “Gazeta.uz” mushtariylarning dam olish kunlari mazmunli o‘tishiga ko‘maklashish niyatida “Nima ko‘ramiz?” loyihasini davom ettiradi. Kino ijodkorlari, ssenariynavislar, yozuvchi va shoirlar, jurnalist va blogerlar, jamoat faollaridan har hafta “Nima ko‘ramiz?” degan savolga javob olamiz. Maqsad — kinoning yaxshisini ko‘raylik, vaqtimiz behuda ketmasin.

“Nima ko‘ramiz?” loyihasining bu galgi mehmoni — jurnalist Gulmira Musajonova.

So‘nggi vaqtlarda ko‘rilgan (asosan yangi) filmlardan tavsiyalar

Yoshligimda badiiy filmlarni ko‘proq ko‘rardim, Yevropaga kinosiga ixlosim baland edi, Italiya va Fransiya filmlarini juda yaxshi ko‘rardim. Italiya va Fransiyaning hatto komediyalari ham juda yaqin edi. Dramalarida oddiy maishiy masalalarni ijtimoiy muammo darajasiga olib chiqishi bilan meni qoyil qoldirardi. Shuni ham ochiq aytishim kerakki, biz sovet davrida shakllangan avlodmiz, Sovet Ittifoqida suratga olingan filmlarni ko‘proq ko‘rganmiz.

Shunday bo‘lsa-da, gruzin kino ijodkorlarining filmlarini alohida qiziqish bilan kuzatardim. Biz, o‘zbekistonliklardan farqli o‘laroq, ular kinoda o‘z milliyligini saqlab qololgan, deb hisoblayman. Kinolarimizda aralash sovet madaniyatining ta’siri nihoyatda kuchli edi. Shu boisdan sovet davridagi o‘zbek kinolarini milliy kinoimiz deya olmayman. Vaholanki, o‘zbek milliy kinosi uchun o‘zbek tilida ssenariylar yozilib, o‘zbek tilida suratga olinishi uchun kurashgan kamida uch kishi bor: Rixsivoy Muhammadjonov, Temurmalik Yunusov va Farhod Musajonov.

So‘nggi vaqtlarda faqat va faqat tavsiyalar, yaxshi taqrizlar, shuningdek, jamoatchilik orasidagi muhokamalardan kelib chiqib kino ko‘ryapman. Muhokamalarga sabab bo‘layotgan filmlar — jonu dilim, “bunday filmni albatta o‘zim ko‘rishim kerak”, deyman, bunday filmlar bo‘yicha odamning o‘z fikri bo‘lishi kerak. Quyida keltirilayotgan so‘nggi vaqtlarda ko‘rilgan filmlarni ham aynan yaxshi tavsiyalar, yaxshi taqrizlar sabab ko‘rib chiqqanman.

“Qahramon”

“Ghahreman”, 2021

Bizni o‘zimiz xohlamagan ishlarni qilishga, o‘zimiz xohlamagan gaplarni (masalan, yolg‘on) gapirishga aslida jamiyat majbur qiladi. So‘ng yana shu jamiyatning o‘zi bizni shu ishlar, shu gaplar uchun qoralaydi, sud qiladi. Qaysidir davlatda, biror bir jamiyatda qonunga xilof ish tutuvchilar, qonunbuzarlar, yolg‘onchilar ko‘p bo‘lsa, bunga o‘sha jamiyatning o‘zi aybdor. “Qahramon” — shu haqda. Asqar Farhodiyning eng yaxshi filmlaridan biri.

“Ota”

“The Father”, 2020

So‘nggi vaqtlarda ko‘rgan filmlarim orasida menga eng qattiq ta’sir qilganlaridan. Ehtimol, shaxsiy kechinmalar, o‘zimga bog‘liq holatlar, o‘zimning tuyg‘ularim sabab shunday bo‘lgandir. Film voqealarini o‘zimdan o‘tkazdim, ota va qiz o‘rtasidagi munosabatlarning qaysidir jihatlari juda tanish ko‘rindi. Entoni Hopkins ota rolini yaxshi ijro etgan.

“G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q”

“Im Westen nichts Neues”, 2022

Propaganda urushni shu qadar zo‘r berib targ‘ib qilavergani ortidan oxiri urush boshlandi. Urush yaxshi narsa emasligi kundek ayon, uni targ‘ib qilib bo‘lmaydi. Ha, qahramonlik, fidoiylikni targ‘ib qilish mumkin. Lekin faqat Vatan himoyasi yo‘lida. Qo‘shni mamlakatga bostirib kirishga, birovning uyini toptashga, xalqiga azob berishga, bolalar, ayollar, qariyalarni xo‘rlashga hech kimning, hech qaysi davlatning haqi yo‘q.

Rejissyor Edvard Berger tomonidan 2021-yil martida suratga olinishi boshlangan “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q"ning yangi ekranizatsiyasini ham hamma, eng avvalo, urushni oqlayotgan, urushni targ‘ib qilayotganlar ko‘rishi kerak. Remarkning shu nomli romani asosida olingan film, tabiiyki, Birinchi Jahon urushi haqida, lekin bugungi kun uchun aynan bugun ataylab olingandek, bugungi kun uchun mo‘ljallangan film. Xudo baribir ijodkorlarning ko‘ngliga bekordan-bekorga u yoki bu mavzuni solmaydi, menimcha.

“Kit”

“The Whale”, 2022

Bu filmni tavsiya qilishgani, shuningdek, unga yaxshi taqrizlar berilgani uchun ko‘rdim. Boshi qiyinroq, boshlab olguncha. Bosh rol ijrochisi Brendan Freyzerning ijrosi zo‘r — shu ijrosi uchun 2022-yil yakunlariga ko‘ra “Oskar” haykalchasini ham qo‘lga kiritdi. Filmni ko‘rish kerak, tavsiya qilaman.

“Repetitsiya”

2022

O‘zbek kinoijodkorlari bunday film oladi, deb hech kutmagan edim. Boshqacha film. Rejissyor Husnora Ro‘zmatovaning bu filmda bermoqchi bo‘lgan g‘oyasi, isyoni, o‘zgacha fikrlashdan qo‘rqmagani meni qoyil qoldirdi. Ayol kishi, bo‘lganda ham o‘zbek ayoli bo‘la turib, eski malomatlar, eski ta’na toshlari yog‘ilishidan qo‘rqmay shunday film ololgani ikki karra tahsinga loyiq. Albatta, u hali yosh, lekin undagi intilish kishini xursand qiladi. Film mukammal emas, shunday bo‘lsa-da, uni ko‘rish kerak. Ko‘rishni tavsiya qilaman.

Hamma ko‘rishi tavsiya etiladigan filmlar ro‘yxati

Quyida keltirilayotgan ro‘yxatda 1-o‘rin, 2-o‘rin degan narsa yo‘q. Ularni menga ko‘rsatgan ta’siri bo‘yicha o‘zim shundoq yozib chiqqanman.

Kakku uyasi uzra parvoz (1975). Kitobi badiiy asar sifatida yaxshi, lekin rejissyor Milosh Forman asarni yanada kuchaytirib yuborgan. Eng zo‘r kinoasarlardan biri. Qanchalik demokratik bo‘lmasin, har qanday davlatda bo‘ladigan ichki tizim ochib berilgan, hayot haqiqati ko‘rsatilan, shuning uchun ham odamlarni dahshatga soladi;

Zulmatdagi raqqosa (2000). Myuzikl, lekin yengil-yelpi kino emas. Hayotdagi adolatsizliklar, inson ojizligi va, afsuski, ezgulik va adolat har doim ham g‘alaba qozonmasligi haqida. Rejissyor Lars fon Triyerning eng yaxshi asarlaridan biri. Bir filmni ko‘rsangiz, haftalab uning ta’sirida yurishingiz mumkin — men bu filmni ko‘rganimga ancha bo‘lgan, ammo hali ham uning ta’siridaman;

Velosiped o‘g‘rilari (1948). Jamiyatda qaror topgan tizim insonni o‘z vijdoniga qarshi, qonunga xilof ishlarni qilishga majburlashi, otalarni ularning farzandlari ko‘z oldida izza qilishi haqida. Nafaqat Italiyaning, balki Yevropaning eng zo‘r filmlaridan biri.

Tazarru (1984). Tengiz Abuladzening bu film televideniye orqali birinchi marta ko‘rsatilganida rosa shov-shuv bo‘lgan. Qatag‘onning uning mualliflari va qurbonlari, shuningdek, avlodlar hayotiga ta’siri haqida.

Oddiy mo‘'jiza (1978). Bir qarashda sevgi-muhabbat haqidagi film deb o‘ylaysiz, aslida juda purma’no, mohiyati chuqur film. Filmni tomosha qilish asnosida yana bir narsaga qoyil qolasan — chinakam iqtidorlar mustabid zamon va makonda yashab ham iqtidordagilarni tanqid qila oladi, shunga jur’at va imkon topadi. Bu filmni nafaqat ko‘rish, balki eshitish ham kerak.

Shoushenkdan qochish (1994). Hech qachon taslim bo‘lmaslik kerakligi haqida. Frenk Darabontning eng yaxshi ikki filmidan biri (ikkinchisi — Yashil maskan, uni ham ko‘rish kerak — insoniylikni targ‘ib qiluvchi film). U aytmoqchiki, qamoqda o‘tirgan hamma ham qonunbuzar emas, ozodlikda yurganlarning hammasi ham begunoh emas.

Samo farzandlari (1997). Bolalari bolaga o‘xshab yashayotgan jamiyat — sog‘lom. Bolalari nochor, abgor, hatto kiygani oyoq kiyimi yo‘q jamiyat — xasta. Bunday jamiyatda muammolar qalashib yotibdi va ularni, albatta, hal qilish kerak. Eronlik rejissyor Majid Majidiy barcha filmlarida bolalar orqali hayotdagi muammolarni kattalarga ko‘rsatib beradi. “Samo farzandlari” ham shunday.

Knockin' On Heaven’s Door (ruschasiga — “Dostuchatsya do nebes”, 1997). Bu filmni juda ham yaxshi ko‘raman. Menimcha, hamma ko‘rishi kerak bo‘lgan yaxshi filmlardan biri.

Jangga faqat „qariyalar“ kiradi (1973). Sovet davrida urush haqida ukrain rejissyori va aktyori Leonid Bikov tomonidan suratga olingan film. Lekin unda urush, jang sahnalari deyarli yo‘q. Faqat odamlarning o‘zaro munosabatlarini ko‘rasiz. Inson hayoti — eng yuksak qadriyat ekani, uni qadrlash kerakligi haqida.

To‘ng‘ich o‘g‘il (1976). Nazarimda, aktyor Yevgeniy Leonovning eng yaxshi filmi. Filmda u eng zo‘rlardan biri. Unda otaning taqdiri, kechinmalari, iztiroblari, dardi ko‘rsatilgan. Sovet insonining hayotini ham ko‘rasiz. Hamma — kattalaru yoshlar uchun yaxshi film.

Ko‘zgu (1974). Tarkovskiyning filmlarini hamma ko‘rishi kerak. Men tavsiyaga “Ko‘zgu"ni tanladim. Film rejissyorning o‘zi va onasi haqida. Juda samimiy, juda falsafiy film; bola, farzand nuqati nazaridan ko‘p narsani tushunishga yordam beradi. Tarkovskiyning boshqa filmlari bundan kuchliroq, lekin “Ko‘zgu"ga mehrim bo‘lakcha.

Billni o‘ldirish (2003). Kinoda imkoniyatlar cheksizligi, har bir rejissyor unga hech yo‘g‘i bitta yangi narsa olib kira olishi, yangi qirrani ocha olishiga isbot bo‘lgan film. Montajiga, suratga olish uslubiga qoyil qolaman. Kventin Tarantino montajni zo‘r his qiladi, musiqani hamma narsa bilan hamohang qo‘yadi. Shunchaik ko‘rib, mazza qilib dam olish uchun.

Voiz (1999), O‘rtoq Boykenjayev (2002). Ikkisi ham rejissyor Yusuf Roziqovniki, ikkisi ham o‘zbek kinosi tarixida qoladigan film. O‘zimiz haqimizdagi haqqoniy, muammolar ko‘tarib chiqilgan kinoasarlar. Ikkisini ham albatta ko‘rish kerak.

Parizod (2012). Erkin A’zam ssenariysi asosida Ayub Shahobiddinov tomonidan olingan nihoyatda falsafiy asar. Ayub Shahobiddinov buni sal keyinroq olganida, ehtimol, Erkin aka aslida nmia demoqchi bo‘lganini yanada kuchliroq his qilgan bo‘lardi, deb o‘ylayman.

Issiq non (2018). Film rejissyori Umid Hamdamovga “mana bunday, mana bunday kamchiliklari bor” deganimda xafa bo‘lib qolgan, lekin Umidga mana shunday yaxshi film uchun ko‘pdan ko‘p rahmat aytaman. Filmda o‘zbek xalqiga, o‘zbek ayollariga bo‘lgan cheksiz mehr, ayni vaqtda hamdardlik ko‘rinadi. “Issiq non"ni tomosha qilganimda yig‘laganman — o‘zimizga achinib yig‘laganman. Nazarimda, so‘nggi 10−12 yilda o‘zbek kinosidagi ko‘rganim eng yaxshi asar.

Sehrli qalpoqcha (2012), Sehrli qalpoqcha 2: Sariq devni minib (2014). Juda yaxshi filmlar. Hali ham qayta-qayta ko‘raman. Qiziqarli suratga olingan, rejissyor Sarvar Karimov qandaydir yangicha yondashuv, yangi ob-havo olib kirgan. Afsuski, zamonaviy o‘zbek kinosida bolalarga mo‘ljallangan filmlarga hech qanday e’tibor berilayotgani yo‘q. Bu nima degan gap?

Qisqa metrajli va hujjatli filmlardan tavsiyalar

Qisqa metrajli filmlarni juda yaxshi ko‘raman, chunki qisqa asarga katta fikrni joylash qiyin.

Ko‘zga ko‘rinmas bolalar nomli yetti novelladan iborat filmlar turkumi bor. Yetti rejissyor har biri har xil qit’ada suratga olgan. Shu turkumni, ayniqsa, uning so‘nggi — “Song-Song va mushukcha” nomli qismini ko‘rish kerak. Bugungi hayotimiz boricha ko‘rsatilgan. Xasta jamiyat oyoqqa turmoqchi, o‘zini o‘nglamoqchi bo‘lsa, ishni birinchi galda bolalarga e’tibordan boshlashi kerak. Bolalarning hayoti yaxshilansa, jamiyat to‘g‘rilanib ketadi.

Shuningdek, Shokir Xoliqovning Choy filmini tavsiya qilaman. Zo‘r film, “Bizdan ham chiqdi”, deb rosa xursand bo‘lgandim.

Qayerda qanday — o‘zbekmi, jahonmi, farqi yo‘q — hujjatli filmlar bo‘lsa, qiziqaman, ko‘rishga harakat qilaman. Fursatdan foydalanib, Umid Hamdamovning Qodiriy, Nurilla Narzullayevning Shayxzoda va Aleksandr Gamirovning Xoja Bahouddin Naqshband hujjatli filmlarini tomosha qilishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Juda yaxshi, puxta ishlangan va ma’noli filmlar. Bunda gap filmlarga asos bo‘lgan tarixiy siymolarning shaxsiyatida emas, balki rejissyorlarning mahoratida — ular filmni qanday qilib zo‘r olish kerakligini ko‘rsatib, isbotlab bergan.