“Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti tizimidagi ikki nafar yetakchi muhandis pora olishda gumonlanib ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Jarayonda “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filialining “O‘rtachirchiqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi M.O. mahalliy MCHJga qarashli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida belgilangan me’yordan ortiq kompressor jihozlari o‘rnatilgani uchun jarima rasmiylashtirmaslik evaziga 8 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida u mazkur pul mablag‘ini “Hududgaz Toshkent” gaz taminoti filialining yetakchi muhandisi B.M. ko‘rsatmasiga asosan olgani aniqlanib, ushbu shaxs ham ushlandi.

Holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.