DXX 100 ming qalbaki AQSh dollarini sotayotganlarni qo‘lga oldi, deya xabar qilmoqda O‘zA.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1974−1982-yillar oralig‘ida tug‘ilgan 4 nafar fuqaro 100 ming qalbaki AQSh dollarini 70 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, ulardan birining yashash xonadonidan ham 10 950 qalbaki AQSh dollari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasining 3-qismi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib qalbaki pul yasash va ularni o‘tkazish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.