“Gazeta.uz” BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamkorligida Orolbo‘yi hududida istiqomat qiluvchi, kichik, biroq mo‘jazgina tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ayollar haqida hikoya qiladi. Birinchi qahramonimiz — Mo‘ynoq tumanida o‘zining yashash xonadonida xostel tashkil qilgan Muhabbat Sekerbayeva.

U 2022-yilda “Orolbo‘yi hududining yaxshi himoyalanmagan hamjamiyatlaridagi iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish uchun yoshlar va zaif aholining moslashuv salohiyatini mustahkamlash orqali ijodiy va innovatsion imkoniyatlarini rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida qo‘llab-quvvatlangan.

Loyiha Qoraqalpog‘istonning uchta shimoliy hududlari bo‘lmish Mo‘ynoq, Boo‘zatov va Qo‘ng‘irod tumanlarida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi tomonidan moliyalashtirilgan va BMTTD, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida UNFPA O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan birgalikda ushbu tumanlardagi ayollarni ishbilarmonlikka o‘qitdi. Ma’lumot uchun, 2021-yilda Qo‘ng‘irot (45), Bo‘zatov (31) va Mo‘ynoq (34) tumanlaridan jami 110 kishi, 2022-yilda esa 255 (mos ravishda 92, 81, 82) kishi maxsus treninglarda ishtirok etgan.

Muhabbat Sekerbayeva loyiha doirasida o‘tgan yilning aprelida Nukus shahrida o‘tkazilgan treninglarda qatnashib, o‘zining har tomonlama bilimini oshirgan. Unga loyiha tashabbuskorlari tomonidan to‘rt kishiga mo‘ljallangan xostel tashkil qilishga yetarli barcha uskuna va texnikalar grant asosida olib berilgan.

Suhbatdoshimiz hozir 37 yoshda, 33 yoshidan beri eridan alohida yashab, Mo‘ynoqdagi “Kemalar qabristoniga” yaqin hududda (16, 15, 13 va 8 yoshli) uch qiz va bir o‘g‘il farzandini tarbiyalamoqda.

мo‘yноқ, мuҳаббат секyerбаеva, xostel, қорақалпоғистон респuбликаси

Hayotining og‘ir yillari haqida

— O‘zim Nukus tumanida dunyoga kelganman. 2-sinfda o‘qib yurgan paytimda onam kasallikdan vafot etdi, shu sababli dadam bilan ikkalamiz Mo‘ynoqqa, ammamni uyiga ko‘chib keldik. Keyin dadam boshqa ayolga uylandi, lekin u ham ko‘p yashamadi, oradan 2 yil o‘tib, 4-sinfda o‘qiyotganimda vafot etdi. Shuning uchun ammamni qo‘lida tarbiyalandim.

Maktabni tamomlab, kollejga o‘qishga kirdim. 1 kursligimda ammam Qozog‘istonga ko‘chadigan bo‘lib qoldi. Ham o‘tish davri, ham dugonalarimni tashlab ketolmaganim uchun ham Mo‘ynoqdagi boshqa qarindoshlarimnikida qolishga qaror qildim. 1 kursni tugatar-tugatmas, 18 yoshimda turmushga chiqdim.

Turmush o‘rtog‘im bilan 15 yil birga yashadik. U ko‘p ichar, karta o‘ynab, bor-budimizni yutqazib qo‘ydi. Kamiga kaltagini ham yer edik. O‘zimni topganimni ham har joyga qo‘yib, yashirib yurishga majbur bo‘lardim, chunki bolalarimni boqishim kerak edi. Hozir 4 yildan beri birga yashamaymiz, faqat qog‘ozdagina er-xotinmiz. Aliment to‘lamaydi, bollaridan ham xabar olmaydi. Hozirda alimentni o‘zidan 60 mln qarzi bor.

мo‘yноқ, мuҳаббат секyerбаеva, xostel, қорақалпоғистон респuбликаси

Erim bilan ajrashish vaqtida juda qiynaldik. Hattoki stressga tushib qoldim. O‘zimga o‘zim: “bolalarimni qanday qilib boqaman?” degan o‘y tinchlik bermas edi. O‘sha vaqtlarda mahallada ayollar bilan ishlaydigan Jumabiyke opa ancha dalda bo‘ldi, “sen kuchlisan, orqaga chekinma, nima ish bo‘lsa qilaver” deb turdi. Shu opa oyoqqa turishimda, o‘zimga ishonchim ortishida ancha yordam berdi.

“Yuragi yo‘lbarsnikidek”

— Men o‘zimni “yo‘lbarsning yuragini yegan ayol” deb ayta olaman. Erim bilan ajralishib ham tinchimadik. Erim yo‘q vaqtda ham ichib kelib eshigimni taqillatardi. Eshikni ochmaganimiz uchun boshqa odamlarni olib kelib, eshikni ochtirishga uringan vaqtlar ham bo‘ldi.

Begona erkaklar bilan kelib, tinchimni buzavergach, bir kuni o‘qlov bilan o‘sha kelgan erkakni boshiga urdim. Erim ortidan kirgach, uni ham kaltakladim. Har janjal vaqtida qo‘shnilarim yugirib chiqar, lekin aralasholmas, yordam ham bermas edi. Bir kuni yon qo‘shnim “eriga bor yordam ber, Muhabbat ularni o‘ldirib qo‘yadi” deganida uni eri “Yo‘q, menga ham tashlanib ketadi, bormayman” deb javob berganini aytib qoldi. Hozir esa hech kim eshigimga yaqinlasholmaydi, o‘zimni, qizlarimni bemalol himoya qila olaman.

Ilgari Mo‘ynoqni asosiy ko‘chasi, “Agrobank” ro‘parasida yashardik. Uyimiz snosga tushdi, hokimiyatdagilar uni 140 mln so‘mga baholashdi. O‘sha vaqtlarda erim bilan urshib yurgan kezlarimiz edi. Bir kuni bankdan eringiz pullarni olib ketdi deb, qo‘ng‘iroq qilishdi. U ikki sumkaga pullarni solib, qochib ketayotganida “domkom” bilan ushlab olganmiz. Ayni o‘sha vaqtda uyni buzayotgan edik. Ikki orada ham uysiz, ham pulsiz qolishimga sal qoldi.

мo‘yноқ, мuҳаббат секyerбаеva, xostel, қорақалпоғистон респuбликаси

Bormagan joyim, ochmagan eshigim qolmadi. Hokimiyat deysizmi, prokuratura deysizmi, hech kim yordam qilmadi. 4 farzand bilan qayerga boraman, opa-ukam bo‘lmasa, ko‘chada qolib ketamanmi degan fikr o‘tdi. Shunda yana mahalla faoli Jumabiyke opani yordami tegdi. U ham bir uyni olib berib, keyin buzinglar deb turib oldi. Shu bilan hozir yashayotgan uyimizni 90 mln so‘mga olib berdi. Erim qolgan pullarni oldi, bizga bir tiyin ham qoldirmadi. Unga davlat tomonidan kompensatsiya evaziga berilgan yer va 45 mln so‘m tegdi.

Hayotda ko‘rmagan qiyinchiliklarim qolmadi. 33 yoshimdan beri erim bilan yashamayman. Shuncha voqealardan keyin o‘tmishimni ortga tashlab, farzandlarimning kelajagi uchun harakat qilishga tushdim. Bu orada qizlarim ham ulg‘ayib, yordamchi bo‘lib qolishdi.

“Farzandlarimni boqaman deb, qilmagan ishim qolmadi”

— Bolalarimni boqish o‘zimga qolgan paytlarda yangi uylar qurilayotgandi. Ularda esa asosan katta lavozimda ishlovchi odamlar yashardi. O‘sha uylarni tozalardim, evaziga ayrimlar pul, ba’zilar esa oziq-ovqat berishardi. Ko‘chalarni tozalagan, qariyalarga qaragan vaqtlarim ham bo‘ldi. Boshida ko‘cha tozalashga chiqqanimda yuzimni yopib, qo‘lqop kiyib olardim, keyinchalik “men halol mehnat qilib, bolalarimni boqayapmanku” deb, qilayotgan ishimdan uyalmaydigan bo‘ldim. Undan keyin esa yo‘l yuzidagi masjidni tozalashga o‘tdim. Avvaliga ishim yurishmaganligi sababli faqat savob uchun tozalardim. Keyinchalik imom bilan suhbatda qiynalib qolganimni aytdim, u choy pulingni qilib beramiz dedi. Hozir ham shu yerda ishlayman. Ro‘za vaqtlarida tungi 11:00 gacha qolib, mehnat qildim.

мo‘yноқ, мuҳаббат секyerбаеva, xostel, қорақалпоғистон респuбликаси

Bundan tashqari, “domkom” hujjatlarni to‘ldirtirardi. Yana tuman Ichki ishlar bo‘limi, hokim yordamchisining hujjatlarida qarashdim, kompyuterda ham to‘ldirib berib turdim. Shuni evaziga ro‘zg‘orimga yetadigan pulimni berishardi.

“Loyiha hayotimni yaxshi tomonga burib yubordi”

— Loyiha haqida mahalla va hokimiyatdan eshitib qoldim. Avvaliga hokimiyatdan suhbatdan o‘tasiz, keyin Nukusga borib o‘qiysiz deyishdi. 6 kishi onlayn suhbatdan o‘tdik, psixologik savol-javob bo‘ldi. O‘shanda loyiha treneri Sanjar aka “suhbatdat o‘tdingiz, Nukusga o‘qishga kela olasizmi?” deb qoldi, “albatta” deb javob berdim.

Shunday qilib 2022-yilning aprel oyida o‘qish boshlanib ketdi. Treninglar vaqtida bizni Sanjar aka va Muhabbat opa o‘qitdi. U yerda muvaffaqiyatli ayol qanday bo‘lishi, zo‘ravonlik, gender tengligi nima ekanligini bilib oldik. Menga eng yoqqani “Muvaffaqiyatga erishgan ayol” mavzusi bo‘ldi. Qolaversa, o‘zimining haq-huquqlarimiz, zo‘ravonlik turlari va u bilan qanday kurashish zarurligini o‘rganib oldik.

U yerda eng esda qolgani — o‘z oldimizga maqsad qo‘yish edi. Bungacha o‘z oldimga maqsad qo‘yib yashamagan ekanman. O‘z orzuimni maqsadga aylantirib, unga erishish yo‘lida kurashish, ortga chekinmaslik, oxirigacha harakat qilishni o‘rgandik. Yakunda bizdan qo‘lingizdan nima ish keladi deb so‘rashdi. Men tikuvchilik ham qilib turaman, ko‘ylak, ko‘rpacha, erkaklarni kiyimlarini qo‘ldan kelgancha tikib beraman dedim.

O‘zi Mo‘ynoqdan borishimda tikuvchilikni aytaman deb hayol qilgandim. Lekin treningdan keyin hamma rejalarim o‘zgarib ketdi. U yerda ko‘pchilik odamlarda tikuvchilik g‘oyasi bo‘lgani uchun boshqa ishni tanlashni o‘yladim. Uyimiz Mo‘ynoqdagi mayoqqa yaqinligi va turistlar ko‘p kelgani uchun uyda mehmonxona ochish g‘oyasi kelib qoldi.

1 haftalik treningdan so‘ng biz — fasilitator (guruhlar faoliyatini muvaffaqiyatli boshqaruvchi shaxs) nomini oldik. Keyin bizga Mo‘ynoq tumanida yashovchi, ishsiz, uy bekasi, zo‘ravonlikka uchragan ayollarni olib kelib, o‘qitishimizni aytdi. “Bizlar sizlarni qanday o‘qitgan bo‘lsak, sizlar ham shunday ularga yordam berasizlar” dedi.

Avvaliga qo‘rquv paydo bo‘ldi, keyin Muhabbat opaning “Oldingizga qo‘ygan maqsadingiz tomon harakat qilish, unga erishishga intiling” degan gaplari kuch berib, ishni boshladik. Mo‘ynoqdan 45 nafar ayolni yig‘ib, Nukusga olib bordik. Ularga avvaliga, o‘zimiz o‘rgangan narsalarni o‘rgatdik. Birinchi bor chiqib, ularni oldida gapirganimda hayajon bosdi, keyin o‘zimni qo‘lga olib, bilganimizda ayollarni o‘qitdik. Shu orada erkin gapirishni ham o‘rganib oldik.

Loyiha oxiriga yetganda, bizga biznes reja tuzishni aytishdi. Grant sifatida 10 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan mablag‘ beriladi deyishdi. Men 10 mln so‘m bilan hech narsa boshlay olmayman, o‘zimda sharoit yo‘q dedim. Shunda ham o‘zimga o‘zim “harakat qilib ko‘raman, yutmasam afsuslanmayman, lekin orqaga qaytish yo‘q”, dedim.

Sanjar aka bilan mashalatlashib, ikkita xona uchun 2ta televizor, 2ta muzlatkich, 2ta konditsoner, 2ta ugolok, 4ta karovat so‘radim. Biroz vaqtdan keyin shu narsalarim keldi. Bundan hursand bo‘lib, shu harakatlarni boshlab yubordik. Sanjar aka va Muhabbat opadan juda ham minnatdorman, ular ko‘p motivatsiya berdi, “hayotdan to‘yib ketgan inson”ga undan lazzatlanib yashashni o‘rgatishdi.

Hozirgacha 6 marta mehmonlarga xizmat ko‘rsatdim. Boshida ikki nafar talabani qabul qildik. Keyinchalik ularni soni ko‘paya boshladi. Hammasi yaxshi, ishlarimiz yomon emas. Begona odamlar bo‘lsa ham, qizlar yonimda bo‘lgani uchun qo‘rqmayapmiz. Mo‘ynoqda uyini mehmonxona qilgan singlim bor. O‘zida odam ko‘payib ketsa, sizga kerak emasmi deb u ham qarashib turadi.

Agar tushlik bo‘lmasa, bir kechaga odam boshiga 20 ming so‘mdan olayapmiz. Nonushtaga tuxum, sosiska qovurib mehmon kutsak, 70−80 ming so‘mdan bo‘ladi. Ayrimlar kafelarda ovqatlanadi yoki o‘zi bilan olib keladi, ayrimlar esa nimadur tayyorlab berishni so‘raydi. Qo‘ldan kelgancha barcha istaklarini bajarib kelyapmiz. Kelajakda faoliyatimni kengaytirsam, rivojlantirsam degan rejalarim bor.

Shuning ortidan men ham o‘z biznesimni boshlab yubordim (kulib qo‘yadi suhbatdosh).

мo‘yноқ, мuҳаббат секyerбаеva, xostel, қорақалпоғистон респuбликаси

2 yildan beri Mo‘ynoqda Stixiya festivali bo‘lib o‘tadi. Bu bayramga ko‘plab turistlar kelishadi, ularga tunashga joy kerak. O‘tgan yili kelishganida ham uy topolmay yurganlar ko‘p bo‘ldi. Yangi qurilgan ko‘p qavatli uydagilar qimmat narxga ijaraga berishdi, hattoki, uyida sharoiti yo‘qlar ham odam qo‘ydi. Shunda ham ko‘plar ko‘chada tunashga majbur bo‘lishdi. Bu ham faoliyatimni boshlashga turtki bo‘ldi. Bu yil Stixiya bo‘ladi deb kutayotgandik, afsus Buxoroga ko‘chilibdi.

Endi mijozlarni topishda internetdan foydalanishni ham rejalashtiryapmiz. Hozircha sektorga, mahallaga, yaqin atrofdagi kafelarga joy so‘rab kelganlarni yuborishlarini iltimos qilganman. Bizda ko‘pchilik kafelardan tunashga joy so‘raydi-da.

Ochig‘i, bu loyiha sabab hayotim yaxshi tomonga burilganligini sezaman. Hozir yo‘qchilik bo‘lmayapti, Allohga shukur. Bir-ikki mehmon kelsa, bolalarimni ovqati, kiyimi, kommunal to‘plamlari xarajati chiqadi. Odamlar kelsayam, hammasi o‘zi bilan o‘zi, biz bilan ishi yo‘q. Ayollar ham, erkaklar ham keladi. O‘zimcha, to‘g‘ri ish boshlayapman deb o‘ylayman.

“Eng katta orzuim — qizlarimni o‘qitish”

мo‘yноқ, мuҳаббат секyerбаеva, xostel, қорақалпоғистон респuбликаси

— Yoshligimda o‘zim sportga ya’ni volleybollga qiziqqanman. Ammo o‘zingni ota-onang bo‘lmasa orzularing ham puch yong‘oqqa aylanib qolar ekan. Shu sababli ham men uchun hozir birinchi o‘rindagi masala va eng katta orzuim qizlarimni o‘qitish. Shularni maqsadlariga yetishtirsam, orzulari amalga oshsa, armonim qolmaydi.

Farzandlarimga: “Sizlar o‘qing, o‘z bilimingiz bilan o‘qishga kiring, shunda menga o‘xshab hayotda qiynalib qolmaysiz”, — deb aytaman.

To‘ng‘ich farzandim Nukus olimpiya zaxiralari kollejida 2 kursda o‘qiydi, trener bo‘laman deydi. Hozir trenerlikka o‘qityapman. Ikkinchi farzandim Mo‘ynoqdagi maktabning 10-sinfida o‘qiydi, tuman ichida volleybol chempionatiga chiqyapti. Uchinchisi esa shu maktabda faqat 5 bahoga o‘qiydi, prezident maktabiga topshirib ko‘rdi, lekin o‘tolmadi. Universitetga kiraman deb oldiga maqsad qo‘ygan. Kichigim — o‘g‘lim 1 sinfda o‘qiyapti.

Farzandlarim o‘qisayu, bir kasbning boshini tutsa deyman.

Ochig‘ini aytsam, menga hozir ham yordam zarar qilmaydi. Hokim yordamchisiga ham, sektor rahbarlariga ham aytdim. “Temir daftar”da paytim ham ko‘p murojaat qildim. Kichkina uyimni ta’mirlashga yordam kerak. Kiraverish qismining devorlari yog‘ochdan qilingan. Shuni g‘isht bilan tuzatib, oynalarini yangilab olishim kerak. Hojatxona ham bir ahvolda. Bundan ortig‘i kerak ham emas. Qolgan kamchiliklarimni o‘zim bir amallab to‘ldirib olaman.