2017-yil 31-oktabr kuni Nyu-Yorkda terakt amalga oshirib, 8 kishini o‘limiga sababchi bo‘lgan o‘zbekistonlik Sayfullo Soipov AQSh okrug sudi tomonidan 8 marta umrbod va 260 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda AQSh Adliya departamenti xabar qildi.

17-may kuni Nyu-York sudi Soipov ayblanayotgan 28 ta band bo‘yicha mumkin bo‘lgan eng og‘ir jazolarni tayinladi. Unga ko‘ra, sobiq ISHID a’zosiga 8 nafar odamni o‘limiga sabab bo‘lgani uchun 8 marta umrbod va 18 nafar, jumladan, 4 nafar bolalarni o‘ldirishga qasd qilgani uchun 260 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Soipov Sayfulla Xabibulayevich 1988-yil 8-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 2005-yilda kasb-hunar kollejini tamomlagan, 2005−2009-yillarda Toshkent moliya institutida ta’lim olgan. OTMni tamomlaganidan so‘ng poytaxtdagi “Sayohat” mehmonxonasida buxgalter lavozimida ishlagan. AQShga ketguniga qadar jinoiy javobgarlikka tortilmagan va huquqni muhofaza qilish organlari e’tiboriga tushmagan.

2010-yilda Soipov grin-karta lotoreyasini yutib oladi va shu yilning o‘zida AQShga ketadi. So‘nggi bir necha yil davomida u AQShda vaqtincha yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol bilan shar’iy nikohda bo‘lgan. O‘tgan vaqt ichida Soipov biror marta O‘zbekistonga kelmagan va Toshkentda yashayotgan ota-onasi bilan uchrashmagan.

AQShda bo‘lib turgan vaqtda Soipov O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatida turmagan.

“Sayfullo Soipov AQShga borganidan so‘ng odamovi bo‘lib qolgan, radikal guruhlar ta’siriga tushgan. Bu haqda Amerika OAVlari ham uni tanigan odamlarga tayanib xabar qilmoqda”, — deya qayd etilgandi 2017-yilda e’lon qilingan O‘zbekiston TIV huzuridagi “Jahon” Axborot agentligi (hozirgi “Dunyo” AA) xabarida.

Soipov hujumni ijaraga olingan yuk mashinasida qilgan. U Nyu-York markazidagi ko‘chada yoppasiga 20 kishini bosib ketgan. Jarohatlanganlar orasida tana a’zolaridan ayrilgan, ruhan va jismonan nogiron bo‘lib qolganlar, xususan, 14 yoshli o‘smir bor.