O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov mamlakat Boku portida o‘z terminalini ochishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot.

“Mazkur terminal shakarni O‘zbekistonga tashish uchun ham, eksportimiz uchun ham ishlaydi. Buning uchun davlat-xususiy sheriklikdan foydalanmoqchimiz”, — dedi Abdusamat Mo‘minov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik tadbirkorlar kelgusida foydalanish maqsadida Alyat porti infratuzilmasini rivojlantirishga sarmoya kiritmoqchi. Ayni paytda tomonlar O‘zbekistondan kelayotgan tovarlarni saqlash uchun Boku porti hududida ombor infratuzilmasini yaratish ishlarini olib bormoqda.

Shuningdek, 2022-yilda prezident topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston Ozarbayjon va Gruziya portlari orqali yetkazib berish hajmini 1,5 mln tonnaga oshirishi ta’kidlanmoqda.

“Hozirda O‘zbekiston yuklarni Ozarbayjon yo‘nalishiga qayta yo‘naltirmoqda, shu tariqa O‘rta yo‘lakning [Trans-Kaspiy xalqaro transport yo‘li] salohiyatini rivojlantirmoqda”, — dedi vazir o‘rinbosari Trend nashriga bergan ma’lumotida.

U Boku xalqaro dengiz savdo portining imkoniyatlaridan, xususan, shakar importi bo‘yicha faol foydalanilayotganini qayd etdi. Bu bo‘yicha joriy yilda shakar yetkazib berish hajmini ikki barobarga — 300 ming tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda.