16-may kuni soat 11:50 atrofida Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanining “Yuqori Soybo‘yi” mahallasida xandaq qazishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagan bir nafar fuqaroni tuproq bosib qoldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Voqea joyiga zudlik bilan viloyat FVB qutqaruv otryadlari yetib kelgan. Ko‘chib tushgan tuproq bir necha daqiqalarda olib tashlangan. Qutqaruvchilarga voqeaga guvoh bo‘lgan shaxslar ham yordam ko‘rsatgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchi subpudratchi tashkilot xodimi bo‘lib, xandaq qazish vaqtida xavfsizlik qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan. U tan jarohatlari olgan bo‘lsada, shifokorlarning fikriga ko‘ra, uning hayotiga hech narsa tahdid solmayapti, deyiladi xabarda.