Sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi natijasida 2025-yilga borib O‘zbekiston sanoatining ikkita asosiy sohasida 430 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi mumkin. Biroq bunga faqat mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi siyosatning joriy etilishi hamda ko‘nikmalar va bilimlarga sarmoya qilinishi natijasida erishish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning “Markaziy va G‘arbiy Osiyoning tez o‘sayotgan sohalarida ko‘nikmalarni oshirish orqali to‘rtinchi sanoat inqilobidan foydalanish” tadqiqotida so‘z borgan.

To‘rtinchi sanoat inqilobi (4IR) texnologiyalaridan foydalanish 2025-yilga borib O‘zbekistonning sezilarli o‘sish potensialiga ega bo‘lgan to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida 100 mingta yangi ish o‘rinlarini, shuningdek, mamlakatdagi eng yirik ish beruvchilardan biriga aylangan qurilish sohasida 334 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

“O‘zbekiston o‘z firmalari va ishchi kuchini raqamli kelajak sari undash uchun ko‘plab qo‘llab-quvvatlovchi choralarni ko‘rgan bo‘lsa-da, hozirgi vaqtda kelishilgan umumiy 4IR yo‘l xaritasini ishlab chiqish vaqti keldi. Mamlakatga har bir sohada ilg‘or texnologiyalar qanday tatbiq etilishini nazarda tutuvchi harakatlar rejasi, manfaatdor taraflar o‘rtasida ko‘proq muvofiqlashtirish va 4IRga tayyor va sanoat transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlay oladigan ishchi kuchini yaratish bo‘yicha uzoq muddatli rejalar zarur”, — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Tadqiqot o‘sish, bandlik va to‘rtinchi sanoat inqilobiga (4IR) jiddiy ta’sir etadigan O‘zbekistondagi ikki sektordagi ish beruvchilarni so‘rov qilish asosida amalga oshirilgan. So‘rov onlayn ish o‘rinlari portali ma’lumotlarini tahlil qilish va ta’lim muassasalarining 4IRga tayyorligini baholash uchun alohida o‘tkazilgan so‘rov bilan to‘ldiriladi.

Ish o‘rinlari yaratilishining sof ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun tadqiqotda avtomatlashtirish natijasida siqib chiqarilgan ish o‘rinlari sonini va 4IR texnologiyalaridan foydalanishga potensial o‘tish natijasida daromad va unumdorlik ortishi hisobiga yaratilgan yangi ish o‘rinlari sonini baholash modelidan foydalanilgan. Tegishli siyosat qo‘llanilgan taqdirda va professional ko‘nikmalarga sarmoya qilingan taqdirda yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni yo‘qotilgan ish o‘rinlari sonidan ko‘proq bo‘ladi.

So‘rovda qatnashgan firmalarning aksariyati 2025-yilgacha 4IR texnologiyalarini bir qator funksiyalarga tatbiq etishga qiziqish bildirdi. To‘qimachilik va tikuvchilik kompaniyalarining taxminlariga ko‘ra, 4IR texnologiyalarini joriy etish 2020−2025-yillar oralig‘ida mehnat unumdorligini 68 foizga oshiradi va qurilish firmalari o‘z navbatida xuddi shu davrda 60 foizga o‘sishini taxmin qilmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston ishchi kuchining qariyb 80 foizini ish bilan band qilgan kichik va o‘rta korxonalar 4IR texnologiyalarini joriy qilishda resurs va ishchi kuchining jiddiy yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin. U kichik va o‘rta korxonalar uchun 4IRga yo‘naltirilgan bepul yoki subsidiyalangan konsalting dasturlarini, shuningdek, ishchilar uchun ish joyida kompaniya ichida va tashqi xizmat ko‘rsatuvchilar orqali o‘qitishni tavsiya qiladi va bu kichik va o‘rta korxonalar uchun muayyan resurslar yetishmovchiligi masalasini hal qilishga yordam beradi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarining 56 foizi o‘quv jarayonida o‘z-o‘zini o‘qitishning onlayn modullaridan va faqat uchdan bir qismi virtual yoki to‘ldirilgan reallikdan foydalanadi.

“Ish kuchining 4IRga tayyorligini oshirish uchun ishchilarni yanada samaraliroq o‘qitish va bitiruvchilarni raqamli transformatsiyaga duchor bo‘lgan kasblarga yaxshiroq tayyorlash imkonini beruvchi kengaytirilgan va virtual reallik kabi innovatsion texnologiyalarni joriy etish muhimdir”, — dedi OTBning Ta’lim bo‘yicha bosh mutaxassisi Shanti Jagannatan.

Ijtimoiy-madaniy me’yorlarni yengib o‘tish va ayol ishchilar 4IR tomonidan yaratilgan yuqori malakali va yuqori maoshli texnik ishlardan uzoq muddatda foyda olishlarini ta’minlash uchun tadqiqot ayollar uchun maqsadli dasturlarni ishlab chiqishni tavsiya qiladi.