Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni o‘tkazgan yig‘ilishda Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha dastur amalga oshiriladigan tumanlar nomi ma’lum qilindi. Mazkur reja borasida bir necha kun avval xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoyda tajriba katta. O‘zbekistonning har bir hududi uchun ishlab chiqilgan dasturda asosiy e’tibor kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga qaratiladi.

Yig‘ilishda endi har yili tasdiqlanadigan davlat investitsiya dasturlari ham shu asosda shakllantirilishi belgilandi.

Prezident bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Behzod Musayev, iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyevga bir oy muddatda tanlab olingan 14 ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish vazifasini topshirdi. “O‘zbekiston 24” telekanali xabariga ko‘ra, bular quyidagilar:

  • Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumani;
  • Andijon viloyati Paxtaobod tumani;
  • Buxoro viloyati Vobkent tumani;
  • Jizzax viloyati Do‘stlik tumani;
  • Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani;
  • Navoiy viloyati Navbahor tumani;
  • Namangan viloyati Chust tumani;
  • Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani;
  • Sirdaryo viloyati Xovos tumani;
  • Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani;
  • Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani;
  • Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani;
  • Xorazm viloyati Urganch tumani;
  • Toshkent shahri Chilonzor tumani.

“Agar biz Xitoy tajribasini yakuniga yetkazib amalga oshirsak, kelgusi yil uni butun respublika bo‘ylab joriy etamiz”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev yil yakuniga qadar O‘zbekistonda Xitoy qishloq xo‘jaligidan 10 ta yuqori daromadli loyihani tatbiq etish vazifasini qo‘ydi. Xitoy markazlari bilan hamkorlikda 9445 nafar hokim yordamchilarini alohida o‘qitish, ulardan yaxshi natijaga erishgan kamida 200 nafarini Xitoyga amaliyot o‘tash uchun yuborish reja qilinmoqda.

“Juda katta mablag‘lar beryapmiz. Endi undan to‘g‘ri foydalanish kerak”, — dedi prezident.

Avvalroq O‘zbekistonda 1-iyundan boshlab “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi xabar qilingandi. Dasturga 2023−2024-yillarda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Unda ishtirok etadigan tadbirkorlarga alohida imtiyozlar beriladi.