Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan erkak kishining IIO xodimlariga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Videoda fuqarolarning “akamni uryapsizku”, “pogonini yechib tashladi”, “chakagimga urdingiz, men sizni urolmaymanda”, degan gaplari eshitiladi. Shuningdek, IIO xodimlari xonadan chiqishga uringan erkakka qarshilik ko‘rsatganini ko‘rish mumkin.

Qayd etilishicha, 14-may kuni taxminan soat 18:00 atrofida poytaxt YHXB xodimlari Shayxontohur tumanidagi jarima maydonchalaridan biriga 1986-yilda tug‘ilgan I.D. tomonidan hech qanday xujjatlarsiz boshqarib yurilgan Toyota avtomashinasini ma’muriy bayonnoma asosida olib kelgan.

Biroq hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida I.D. jamoat tartibini buzib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, ularga nisbatan qarshilik ko‘rsatgan.

Holat yuzasidan Shayxontohur tumani IIO tomonidan fuqaro I.D.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan fuqaroga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.