12-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudida metroda qiz bolaga shahvoniy shilqimlik qilgan yigit besh sutkaga qamaldi. Bu haqda Oliy Sud matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 10-may kuni 24 yoshli xorazmlik shaxs “Chilonzor metro” yo‘nalishidagi elektropoyezd vagoni ichida o‘zi tanimagan voyaga yetmagan qizning tanasiga teginib shilqimlik qilgan. Qiz bu haqda darhol vokzal xodimlariga xabar bergan, huquqbuzar qo‘lga olingan.

Shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanini aytib, suddan jazoni yengillashtirishni so‘radi. Jabrlanuvchi, o‘z navbatida, unga tegishli jazo berilishini talab qildi.

Dastlabki tergov organlari yigitning ishini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) sifatida kvalifikatsiya qildi. Biroq raislik qiluvchi sudya uni 41−1-modda (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan aybdor deb topdi. Bunda uning muqaddam ham ma’muriy javobgarlikka tortilganligi, uning harakatlarida javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar mavjud emasligini inobatga olindi.

Sud hukmi bilan ayblanuvchi besh sutkaga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, shaxsdan oziq-ovqat pullari sifatida davlat daromadiga 225 ming so‘m undirirish belgilandi.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi sud qaroriga nisbatan o‘z fikrini bildirdi:

Sudya Qurbonovning e’tiborliligi quvontiradi, u ishning noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganiga e’tibor qaratdi va uni yaqinda qabul qilingan “Shahvoniy shilqimlik qilish” moddasiga qayta tasnifladi. Bu huquqbuzarlikning alohida turi va odamlar buni qonun bilan jazolanishini bilishlari kerak", — deya yozadi Nemolchi.uz loyihasi.