Xorijda bola tarbiyalashning qanday qiyinchiliklari bor? Bolalar o‘z ona tilini unutib yubormaydimi? Ularni katta qilishda davlat tomonidan qanday moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatiladi? Va, eng asosiysi — farzandlaringizga O‘zbekistonda ham shunday e’tibor, yordam ko‘rsata olgan bo‘larmidingiz? “Gazeta.uz” ko‘p yillar chet elda yashagan va yashab kelayotgan o‘zbekistonlik ota-onalarga shu kabi savollar bilan murojaat qildi.

Maqsuda Imomova

Avstraliyaning Sidney shahrida yashaydi. Uch nafar farzandi bor

Chetda yashab, bola o‘stirishning yaxshi tomoni: farzandingiz bilan ko‘proq birga bo‘lasiz, oilaviy rishtalarni mahkam tutasiz. Bolaning dunyoqarashi lokal emas, global masshtabda kengayadi. Turfa madaniyatlar va ularning kelib chiqishi haqida o‘rganib ulg‘ayaveradi. Bag‘rikenglik nimaligini tushunadi. Xilma xil va o‘ziga xos ta’limga ega bo‘ladi.

Minus tomoniga kelsak, bolalarda ikkilanish hissi kuchayadi. Ba’zan nima qilsam to‘g‘riyu, nima xato deb o‘ylab qoladi. Masalan, O‘zbekistonda jamoat transportidan foydalanayotganda yoshi kattalarga joy berish odobdan deb qaraladi, ayrim davlatlarda shunday qilsangiz: “Meni haqorat qilmoqchimisan? Soppa-sog‘man-ku!”, deb xafa bo‘ladi. Yana qarindosh-urug‘dan uzoqdaligimiz ham mehr-oqibat, yaqinlikka ta’sir qilmay qo‘ymaydi. Diskriminatsiya yoki begona muhitga moslashish payti bolalarda ruhiy zo‘riqish ham kuchayishi mumkin.

Bola tarbiyasi har qanday ota-ona uchun doim murakkab, o‘ziga yarasha past-balandi bor jarayon. Xorijda yashasangiz, bu murakkablik ikki karra ortadi. Chunki chetda normal deb bilganingiz o‘z yurtingiz madaniyati, urf-odatiga zid kelishi, odamlar tabiiy qabul qilmasligi mumkin. O‘zbekistonda bir bolaga ota-onasidan tashqari bobo-buvisi, qarindoshlar, hatto qo‘ni-qo‘shni ham mas’ul. Ya’ni, o‘rni kelsa tanbeh-tarbiyani shular ham beraveradi. Chet elda esa buning aksi. Doim hushyor yashashingiz shart.

Bolalar bilan muntazam muloqot, yolg‘iz qoldirmaslik, do‘stlari kim, atrofida kimlar bilan muomala qilyapti kabilarga e’tiborli bo‘lish uchun zimmamizdagi vazifani turmush o‘rtog‘im bilan o‘zaro kelishib, bo‘lishib olamiz. Lekin baribir ko‘p mas’uliyat ona zimmasida qoladi. Uyda o‘zbek tilida gaplashamiz. Ingliz tilida o‘qish, tashqaridagilar bilan kundalik muloqot bo‘lgani bilan uyda ona tilida gaplashish majburiyat. Qolgan tillarni taqiqlaganmiz.

Avazxon Umar

Turkiyaning Izmir shahrida yashaydi. Bir nafar farzandi bor

Turkiyada yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari orasida talaba oilasi (odatda, ilmiy tadqiqot qilayotgan, doktoranturada o‘qiyotgan), ishchi oilasi (restoran, fabrika, xonadonlarda ishlaydigan) bor. Oilam bilan kelganimda doktorantura bosqichining ilmiy ish yozish jarayonida edim. Ayolim bakalavrni endi tugatgandi. Bolali bo‘lgach, ota-onamiz, qaynona-qaynotamiz, yaqinlarimizdan uzoqdaligimiz juda bilindi. Bu farzandingiz kasal bo‘lsa, yarim kechasi shifoxonaga borishga majbur bo‘lganingizda yanayam bilinadi.

Foto: Avazxon Umarning shaxsiy arxividanFoto: Avazxon Umarning shaxsiy arxividan

To‘g‘ri, xorijda bola tarbiyalashning yaxshi tomonlari ham bor. Ota-ona, ayniqsa otalar bolalari bilan ko‘proq shug‘ullanadi. Chunki oilada er-xotin va farzand bor, xolos. Vataningizda esa qaynona-qaynota yordamga keladi. Ikkinchi tarafi, tarbiya jarayonida er-xotinning qoidalari baravar “ishlaydi”. Ona ham, ota ham o‘zi istaganicha tarbiya beroladi. Kattalar aralashuvi, mahalla, oila a’zolari bosimi, “odamlar nima deydi” kabi tushunchalar yo‘q. Eng asosiysi, ayrim keraksiz, ilmiy asosi puch urf-odatlarni qilishga majbur emassiz. Ayrim hududlarimizda haliyam “bolani urib turish kerak, erkalanib ketmasin” degan nosog‘lom tushunchalar, afsuski, kamaymagan. Bola faqatgina mehr-muhabbat bilan tarbiya qilinishi kerak.

Er-xotin zimmasidagi mas’uliyat oilaning ijtimoiy darajasiga qarab taqsimlanadi. Bizga o‘xshagan talaba er va ayni kunlarda uy bekasi bo‘lgan ona formatidagi oilalarda yuk ko‘proq onaga tushadi. Lekin ish jadvalim erkin: tarjimalar va ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanayotganim uchun asosiy ishimni uyda qilaman. Uy yumushlarida vazifaning 60 foizini ayolim olsa, 40 foizini o‘zim bajaraman. “Bu sening ishing, bunisi meniki” deb ajratish, ortiqcha sansalorlik yo‘q. Kim nimaga ulgursa, o‘shani bajarib ketaveradi.

Turkiyada xorijlik oilalarga davlat moddiy ko‘mak ajratmaydi. Lekin turli jamg‘arma, xayriya tashkilotlari bor. Nimagadir muhtoj bo‘lsangiz, yashayotgan joyingiz ma’muriyatiga ariza qoldirasiz. Navbatingiz kelsa, uyingizga eltib berishadi. Maktablar, poliklinikalar esa barcha uchun bepul.

Uyda turk-o‘zbek tillarida gaplashamiz. Ikki yarim yashar qizim ikkala tilniyam tushunadiyu, turkchasi yaxshiroq. Multfilmlari, o‘qiyotgan kitoblari shu tilda bo‘lgani uchundir balki.

Tarbiyaning eng ta’sirli va unumli yo‘li — ota-ona o‘zini o‘zi tarbiyalashi, o‘rnak bo‘lishidir. Biz ham shunga rioya qilamiz. Amal qilmaydigan ishimizni o‘rgatishga urinmaymiz. Masalan, qizimiz oldida yashirin kamera oldida turgandek, kimdir bizni kuzatayotgandek munosabatda bo‘lamiz. Gap-so‘zimiz, xatti-harakatimizga jiddiy e’tibor beramiz. Chunki bola eng kuchli taqlidchi. Xotirasiga hammasini yozib boraveradi.

Har kuni bag‘rimizga bosib, ko‘ziga qarab bir marta bo‘lsayam: “Qizim seni yaxshi ko‘raman!” deymiz. Nimanidir so‘rasa, ishimizni qo‘yib, savoliga javob berishga, izohlab, tushuntirishga urinamiz. Biror nojo‘ya ish qilsa, vahima ko‘tarib urishib-so‘kmaymiz, aksincha, chiroyli so‘zlar bilan vaziyatga baho beramiz. Bolaning mehr-marhamatli bo‘lishida ota-onaning o‘rni beqiyos. Jamiyat farzandga sevgi, mehrni singdira olsa, turli noxushliklardan yiroq yashash mumkin.

Bola bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish kerak — shuning uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Farzand tarbiyasi kun, oy, yillar bo‘yi davom etadigan sermashaqqat, sabr talab etadigan jarayondir.

Ma’rifat Akbar

2007-yildan beri Daniyada, hozirda Arhus shahrida yashaydi. To‘rt nafar farzandi bor

Xorijda farzand o‘stirar ekansiz, avvalo yashayotgan mamlakatingiz ijtimoiy-iqtisodiy, diniy, madaniy xususiyatlarini hisobga olish kerak. Tarbiyada barining o‘rni, ta’siri bor. Biz yashayotgan joyda turli millat vakillari, e’tiqodi turfa insonlar jamlangan.

Foto: Ma’rifat Akbarning shaxsiy arxividanFoto: Ma’rifat Akbarning shaxsiy arxividan

Ko‘chib o‘tgan mahallamizda esa ko‘proq musulmonlar, qardosh xalqlar yashaydi. Qadriyatlarimizga yaqinligi uchun shu yerni tanlaganmiz. Bolalarim ham musulmon xususiy maktabida o‘qiydi. Darslar davlat ta’lim standarti asosida tuzilgan va o‘qitishda musulmon madaniyatiga ko‘proq e’tibor beriladi. Juma kunlari maktabda birgalikda juma namozi o‘qiladi. Agar bu yerda musulmon bolalari uchun maktab yoki masjid bo‘lmaganida, kelmagan bo‘lardik.

Daniyada bolalarni moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlash boshqa davlatlarga qaraganda ancha yuqori. Moddiy ko‘mak yaxshiligi uchun ota-ona farzandlarini iqtisodiy ta’minlashda qiynalmaydi. Har bir bolaga tug‘ilganidan 18 yoshga to‘lgunicha har chorakda bola puli beriladi. Bundan fuqarolar va qonuniy yashashga ruxsat olganlar foydalanadi. Farzandlar va o‘smirlar uchun nafaqa miqdori ota-onaning daromadiga bog‘liq.

Bolalarim yaqin qarindoshlardan uzoqda ulg‘ayayotgani xiyla yomon. Har bir o‘g‘il-qizda baxtli bolalik taassurotlari bo‘lishi uchun ota-onadan tashqari bobo-buvi, amma-xola, tog‘a-amakining mehri, e’tibori, g‘amxo‘rligi ham kerak. Sog‘inch, mehr, diydor… shulargina sal qiynaydi. Shuning o‘rnini to‘ldirish, bolalarimga bildirmaslik uchun ularga ko‘proq mehr berishga, vaqt ajratishga, birga bo‘lishga harakat qilaman.

Oxirgi paytlarda Daniyada LGBT mavzusi faollashgan, buni oddiy holdek normallashtirish siyosati ketyapti. Bolalarga ham “bu tabiiy jarayon” deb uqtirilishi yomon. Dunyoni anglashga intilayotgan bolaning ongi, fikri buzilmasligi uchun endi ikki hissa kurashish, ehtiyotlash shart. Uyda imkon boricha fitratimizga, e’tiqodimizga zid tushunchalarning oqibati, sabablarini erinmay tushuntiramiz. Bolaga to‘g‘ri ma’lumotni doim berish kerak. Toki jamiyatdagi illatlarga duch kelganida o‘zini yo‘qotib qo‘ymasin.

Ayni vaqtda, O‘zbekistondagi mentalitetdan uzoqdaligimizni eng yaxshi jihatlardan biri deb bilaman. “Odamlar nima deydi?” degan gap-so‘z yo‘q. Ko‘p masalani tahlil qilish orqali tushuntiramiz, boshqalarning fikriga qarab ish tutmaymiz. Mentalitetimizdagi ba’zi illatlar: mehmondorchilik, turli marosimlar, isrofgarchilik, riyo kabilardan yiroqmiz.

Masalan, birgina kiyinish odobini olaylik. Daniyada tabaqalanib kiyingan odamni uchratmaysiz. Hamma soddalik, minimalizmni afzal biladi. Farroshning bolasi bilan vazirning bolasini ajrata olmaysiz. Moddiy tarafdan notenglik, boy-kambag‘alga ajratish yo‘q. Buyumlar ham o‘ta sodda, kamtarona. Eng quvonganim, moddiyatparastlik, falonchidan o‘zish, kiyim-boshga qarab muomala qilishdan uzoqdamiz. “Kompyuter, telefon — bu ehtiyoj, hashamat emas” deb uqtiramiz.

Daniyada sog‘liqni saqlash tizimining yuqori darajada rivojlangan. Tibbiyot xodimlari vijdonan ishlaydi. Korrupsiya, “rozi qilish”, “cho‘ntakka solish” degan tushunchalar yo‘q. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tibbiy xizmat bepul. Bolalarning sog‘lom ovqatlanishiga davlat darajasida alohida e’tibor beriladi. Bog‘cha, maktablarda shakar, margarin, oq undan tayyorlangan pishiriqlar, turli kimyoviy moddalar qo‘shilgan mahsulot yoki ichimliklar qat’iyan taqiqlangan. Shu bois bolalar orasida kasallanish kam.

O‘zbekistonda esa kamtarona ovqatlanish urfda emas. Masalan, bu yerda bolam har kuni maktabiga idishchasida bitta sabzi yoki olma, qora nonga surtilgan sariyog‘, yong‘oq, mayiz olib ketadi. Ehtimol, sizga bular kaloriyasi past, sodda, to‘yimsizdek ko‘rinishi mumkin. Ammo bolaga eng foydalisi shu. Yog‘li, tez hazm bo‘ladiganlari zarar aslida. Vatanda esa baquvvat, to‘yimli, sifatli ovqatlantirish deganda qimmat, xorij mahsulotlari tushuniladi.

O‘zim guvohman: supermarketga kirsam, go‘daklarga ham juda qimmat pechene, chet el yogurtlari olinarkan. Ichiga turli maza oshiruvchi qo‘shimchalar qo‘shilgan bo‘tqalari berilarkan. Yaxshilab surishtirsangiz, bular ham zarar. Chet elniki sog‘lom, doim foydali bo‘ladi, immunitetni oshiradi, sog‘lom o‘stiradi degani emas. Hamma o‘zi yashayotgan joydagi mahalliy sabzavot, tabiiy, organik mahsulotlarni yeyishi eng foydalisi, keraklisi. Boshqasiga bolaning organizmida ehtiyoj yo‘q.

Tarbiya bobida ona tiliga alohida e’tibor beramiz. Uyda faqat o‘zbek tilida gaplashamiz. Bog‘cha, maktabdagi vazifalarni dan tilida bajarsak ham asosiy muloqot tilimiz — ona tili. Katta qizim 5 ta, o‘g‘lim esa 3 ta tilda gaplasha oladi. Kichkinalarimda esa dan tili faolroq. Farzandlarim xorijda yashasa ham o‘zligini unutmasin deyman va bunga, menimcha, ona tilini o‘rgatish orqali erishish mumkin. O‘zim Jahon tillari universitetida lingvistika mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani bitirganman.

2019-yili Arhusda “O‘zbek tashabbuslari uyushmasi”ga asos soldim va bolalarga o‘zbek tili mashg‘ulotlarini o‘tishga kirishdim. O‘yin, turli ijodiy mashg‘ulot, madaniy tadbirlar tashkillashtirib, o‘zbek tilini rivojlantirishga qo‘ldan kelganicha harakat qilaman. Toshkentda ikki institutda dars berardim va talabalarga Ingliz tili klubi rahbari edim. Bu yerda ham nimadir qilish, o‘zbek bolalariga ona tilini sodda va qiziq uslubda o‘rgatish kerakligi shu ishni boshlashimga sabab bo‘ldi.

Bunga qo‘shimcha, Telegramda bir necha onalar bilan “Muallima Ona” kanalini ochganmiz. Bola tarbiyasi va tajribadan o‘tgan usullarimizni obunachilar bilan bo‘lishamiz, imkon qadar sifatli kontent tayyorlashga harakat qilamiz.

Tarbiya uslubiga kelsak, hamma bolaga ham bitta uslub to‘g‘ri kelavermaydi. Har bir bola alohida bir shaxs. Asosiy usullarni dinimizdan olamiz va ularga amal qilamiz. Zamonaviy texnikalar bilan ishlashda bolalarimga maqsadni to‘g‘ri qo‘yish kerakligini aytaman. Turli qurilmalar fikrlash, dunyoqarashni kengaytirishda yordam bersa, juda soz, lekin vaqtni behuda sovurishiga sabab bo‘lsa, tarbiyada yutqazamiz. Uyimizda qo‘rqitish va majburlash uslubi qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga nega u yoki bu narsa ziyonligi, noto‘g‘ri ekani tushuntiriladi.

To‘g‘ri, ba’zida, ayniqsa, kichkinalariga tushuntirish qiyin. Sal qattiq turishga, jiddiy suhbatlashishga ehtiyoj tug‘iladi. Shu sabab doim izlanishdaman. O‘rgandim, qilib bo‘ldim deya olmayman. To‘rt bolam tarbiyasida yutuqlarim ham, xatolarim ham bor. Farzand tarbiyasi — ilmiy ish, kashfiyotdek gap men uchun. Bunda menga eng katta motivatsiya beradigan, o‘rnak bo‘ladigan shaxs — Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari. Ularning hayot yo‘llarini o‘rganishga, bolalariga qanday tarbiya berganlari, nimadan ogohlantirib, nimada ehtiyotkor bo‘lganlarini sinchiklab o‘rganaman.

Uyimizda qimmatbaho chinni idishlar teriladigan javonga hojat yo‘q. Menga oltin zarhalli idishlar emas, bolalarim yasagan antiqa buyumu bezaklar, haykalchalar muhim va ularga doim joy topiladi. Kitoblarni ham ularning qo‘llari yetadigan tomonlarga taxlab qo‘yaman. Ko‘zi tushsa, qo‘li yetsa, aytmasangiz ham bola o‘qiydi.

Qizim animatsiya, stop moushn (stop motion)ga qiziqadi va biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz. U olgan videolardan nima naf, kimga foyda beradi, nimani o‘zgartirishi mumkin — barini, ya’ni maqsad va niyatni to‘g‘ri qo‘yishni aytamiz. 9 yashar o‘g‘limga otishma, odam o‘ldiradigan o‘yinlarni o‘ynash taqiqlangan. Lekin miyani rivojlantiradigan, ziyraklikni oshiradiganiga ruxsat beriladi. Tilini rivojlantirsin deb ingliz tilli do‘stlari bilan o‘ynasa, yo‘q demaymiz. Diydani qotiradigan, qahrini qattiq qiladigan o‘yinlarni oqlamaymiz. Uyda TikTok mutlaqo taqiqda, YouTube’ning ham foydali kontentlarini ko‘rish mumkin.

Er-xotin tarbiyadagi vazifalarimizni kelishib olamiz. Chunki ota ham ko‘p ishga mas’ul. Asosiy vaqti ishda o‘tsa-da, uyga qaytgach, qisqa vaqtga bo‘lsa-da, ota bolalari bilan suhbatlashishga, fikrlashishga fursat topishi muhim. Oilamizda dadasi aniq fanlarni o‘rgatsalar, ijtimoiy fanlar mening chekimga tushgan. Qizlarimga otasi alohida g‘amxo‘rlik qilishga, mehr berishga urinadi. Ota qiz bolaning asosiy g‘amxo‘ri — uyimizdagi oltin qoidalardan. Uy ishlarini ham o‘zaro teng taqsimlab bajaramiz. Bu o‘g‘il bolaning, bunisi qizning ishi deb ajratish yo‘q.

Bu yerning muhitiga moslashish, albatta, oson bo‘lmagan. Ammo qaygadir hijrat qildingmi, odam bolasi tili, dini, aslida kimligi, qayerdan kelib chiqqanini unutmasligi shart. Bolalarimga ham asta-sekin tariximiz haqida gapirib beryapman. O‘zbekistondan qaytishda kitoblar olib kelamiz. Ilgari o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha videodarslar tayyorlardim. Hozir to‘rt bolamdan ortib bunga vaqtim yetmaydi. Qo‘shimchasiga, “Poliglot ayollar klubi” asoschisi va loyiha koordinatoriman. Qaniydi, yurtimizda xorijdagi o‘zbek bolajonlariga ona tilini sodda, ravon va qiziqarli uslubda o‘rgatadigan onlayn platforma, videodarslar yoki qandaydir resurs bo‘lsa, juda xursand bo‘lardik.

Sevara Isroilova

Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida yashaydi. Bir nafar farzandi bor

Qaysi davlatda bo‘lishingizdan qat’i nazar farzand ota-onadan o‘rnak oladi va buni tarbiyasida ko‘rsatadi. Shu bois eng avval o‘zimizni tarbiyalashni boshlaganmiz. Lekin xorijning qadriyatlari boshqa va bu farzandimizga ta’sir qilmasligi uchun provinsiyamizdagi o‘zbek oilalar bilan Hayit bayramlarida, bo‘sh paytimiz ko‘rishib turamiz. Minus tomoni o‘g‘limiz bobo va buvilaridan uzoqda, ular bilan hali ko‘rishmadi ham. Turmush o‘rtog‘im ikkimiz bobo-buvimizning tarbiyasini olganmiz. Bu muhabbatni farzandimiz his qilmay ulg‘ayyapti.

Foto: Sevara Isroilovaning shaxsiy arxividanFoto: Sevara Isroilovaning shaxsiy arxividan

Yaqinlardan uzoqdaligimiz farzandli bo‘lgan kunim ancha bilindi. Lekin buyam yaxshilikka: yonimda yaqinim bor, bola tarbiyasiyu parvarishida yordam qiladi deb ishonib qolmasdan, o‘zim o‘qib, o‘rganib, tajriba orttiryapman.

Uyimizda ota-ona vazifalari teng taqsimlanadi. Har yakshanba o‘g‘limizni bolalar o‘yingohiga olib chiqsak, aksar bolajonlar dadasi bilan sayr qilayotgan, o‘ynayotgan bo‘ladi. Bu yakshanbada otalar farzandlari bilan ko‘proq vaqt o‘tkazadi, degani. Qolgan kunlari onalarni uchratasiz. Ammo Kanadada ko‘p oilalar enaga ham yollaydi. Ota bilan ona bemalol ishlashi uchun shunday qilinadi.

Bu yerda bolalar nafaqasi mavjud. Kanadalik oilalarga bolalarni tarbiyalash xarajatlari bilan yordam beradigan hukumat dasturi 2016-yil iyul oyidan beri amalda. Buni Kanada daromad agentligi boshqaradi. 18 ga to‘lmagan bolalarga soliqsiz oylik to‘lovlar beriladi. Ariza topshirsangiz, 6 yoshgacha bo‘lgan har bir bola yiliga 6833 dollar (oyiga 569,41 dollardan) oladi. 17 yoshgacha bo‘lganlar uchun yiliga 5765 dollar (oyiga 480,41 dollardan) beriladi.

Bundan tashqari, 5 yoshgacha bo‘lgan bolajonlarga mo‘ljallangan ta’lim maskanlari bor. U yerda ota-ona yoki enaga bola bilan shug‘ullanishi, mashg‘ulotlar o‘tkazishi mumkin, barcha xarajatni esa davlat qoplaydi. Britaniya Kolumbiyasida bu Strong Start deb nomlanadi. Kutubxona (uning ichidagi bolani erta yoshdan rivojlantiradigan dasturlar) va tibbiyot ham bola uchun tekin.

O‘g‘lim 10 oylik va hozircha to‘rtta so‘zni ayta oladi. Unga faqat ingliz tilida gapiraman. 10 yildan ko‘p Angliyada yashaganim uchun fikrlarimni ingliz tilida aniq yetkazib berolaman. Sayrga chiqsak, har bir harakatimiz, ko‘rgan-bilganlarimni unga gapirib ketaveraman. Masalan, svetofordan qaysi payt o‘tishimiz, daraxt gullashi, qayerga ketayotganimiz va hokazo. Bularni inglizchada tushuntirish oson va qulay tuyuladi menga. Dadasi esa o‘zbekcha gaplashadi va o‘g‘lim bemalol tushunadi.

O‘zbekistonda bo‘lganimda ham shunday tarbiya bera olardim, deb o‘ylayman. Ona farzand parvarishi, to‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga e’tibor bersa va oiladagi muhit sog‘lom bo‘lsa, ongli farzand o‘stirish mumkin.

Maxsus tarbiya usulim yo‘q. Eng afzali va tajribadan o‘tganlarini tanlayman. Eng avval islomiy tarbiyadan boshlayman. Dinimizda farzand tarbiyasi uchun nima buyurilgan bo‘lsa, bajaraman. O‘g‘lim Xalidning birinchi so‘zi Alloh bo‘lgan. Qur’onni ham taniydi. Keyingi foydalanadiganim — Montessori metodi.

Montessori an’anaviy ta’lim usulidan tubdan farq qiladi, ya’ni bolaning oldida turib unga nimani o‘rganishi kerakligini aytmaysiz. Aksincha, bolani o‘z holiga qo‘yasiz, mashg‘ulotlari bilan o‘zi andarmon bo‘lishiga imkon berasiz. O‘g‘lim Xalid bilan har kuni kitob o‘qiymiz, Montessori mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanamiz, suzishga, kutubxonaga jonli ertak eshitishga boramiz.

Ma’rifat Nurmatova

Germaniyaning Gamburg shahrida yashaydi. Uch nafar farzandi bor

Chet elda bola tarbiyalash, oila mustahkamligi insonning dunyoqarashi, dinu e’tiqodiga bog‘liq, albatta. Ayrim migrantlar Yevropa hayotini ideal tarzda qabul qilgan va ular uchun bu qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bizga o‘xshagan, farzandlarini o‘zbek milliy qadriyatlariga mos, sof diniy e’tiqodga munosib tarbiyalashni istaganlar uchun bu xiyla murakkab.

Foto: Ma’rifat Nurmatovaning shaxsiy arxividanFoto: Ma’rifat Nurmatovaning shaxsiy arxividan

Yevropada inson erkinligini eng oliy qadriyat. Ko‘chada ko‘p narsaga to‘siq yo‘q — qonunga zid bo‘lmasa, istaganingni qil: xohlasang libossiz yur, maxsus tibbiy markaziga borib birgina ukol bilan o‘limingni buyurtma qil, ko‘ngling tusasa quloq-burningni kesib tashla. Ko‘cha-ko‘ydagi afisha-reklamalarda intim suratlar g‘ij-g‘ij. Davlatga soliq to‘laydigan, xizmatchilari vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan, keksayganda pensiyaga chiqadigan fohishaxonalar gullab-yashnagan… Ana shunday erkin, global jamiyat.

Ko‘chadan uyga kirib kelgan bolaga esa uydagi tartib-intizom to‘siq, cheklovdek tuyuladi: “Salom berib kir, qo‘lingni yuvdingmi, namozingni o‘qidingmi, darsingni qil, stol ustiga o‘tirma — non qo‘yiladi, to‘xta, otang kelmasidan taomni boshlama”. Bola uchun ko‘cha va uy hayotini bir muvozanatda tutish ota-onadan katta mas’uliyat talab qiladi. Buning uchun avvalboshdan tayyorlanish, xuddi o‘zlaridek intizomli oilalar bilan doimiy aloqada bo‘lish kerak.

Oson tarafi esa baribir yuqorida ba’zi jihatlarini qoralaganim erkinlikka borib taqaladi. Dindormisiz, soqolingiz bormi yoki hijobda yurasizmi, vegetarian, buddist, nasroniy yo ateistmisiz — ahamiyatsiz. Bu sizning hayotingiz. Yuzingizdagi tuklar uzunligini, libosingiz bichimi bilan birov qiziqmaydi. Qolaversa, bola tarbiyasi bilan faqat uning ota-onasi shug‘ullanadi, boshqalar aralashmaydi.

Germaniyada qonundagi erkak va ayol teng huquqligi amalda ham shunday, ehtimol, ayollar huquqi ustunroq ham bo‘lsa kerak. Maosh, uy ishlari, manfaatlar ham erkak va ayol o‘rtasida teng taqsimlanadi. Ammo bizning oilamizda unday emas. Xo‘jayinim asosiy boquvchi, so‘nggi so‘z egasi. O‘zimni bu inson bilan hifz-himoyada, erkinlikda his etaman. Oila boshlig‘i maqomi hech qanday insoniy haq-huquqimni poymol qilmaydi. Bizga oila tutumining shu usuli ma’qul.

Avvallari Germaniya haqida gap ketsa “Made in Germany” degan yuqori sifat va standart nazarda tutilardi. Hozir bu ta’rif oldiga “Germaniya — sotsial davlat”, “Hayot sug‘urtalangan mamlakat” degan ijobiy jumlalar ham qo‘shilgan. Ayniqsa, pandemiya vaqti davlat naqadar xalqparvar ekani sezildi. Serfarzand, nogironligi bor, yolg‘iz ona yoki ota, ishsiz, qochoq, kambag‘al oilalar uchun turli moddiy va ma’naviy yordamlar mavjud.

Masalan, har oy yordam puli beriladi. Bunga qo‘shimcha ijara puli, soliqlar, tibbiy sug‘urta to‘lovlari, uy yumushlari uchun yordamchi (shifokor tavsiyasi asosida), bepul kurslar, seminar, sayohatlar, haftada bir marta beriladigan “Tafel” oziq-ovqat mahsulotlari kabilar ham bor. Germaniya fuqarosimisiz-yo‘qmi, ahamiyatsiz, Germaniyada yashayapsizmi, shu kabi yordamlarning barini olishingiz mumkin.

Germaniyada 2015-yildan beri yashayotgan bo‘lsak, uyda o‘zbek tilida gaplashamiz. Ammo bolalar o‘yin vaqti nemischa gapirib yuboradi. Eshitib qolsam, oshxonada bo‘lsam ham: “O‘zbekcha!”, deb eslatib yuboraman. Til bilan qadriyat, din, tarbiya ham shakllanar ekan. Hatto dakki bermoqchi bo‘lsak ham, nemischaga o‘girsak kulgili yo jonsiz chiqadi. Shu bois aka-uka urishayotgan payti biroz qosh kerib, quloqchasining uchidan asta ushlab, o‘zbekchasiga “siyosat” qilib qo‘yamiz.

O‘zbekistonda bo‘lganimda, menimcha, hozirgidek tarbiya berolmasdim. Chunki tabiatan juda ta’sirchanman, mayda-chuyda gaplarga ham diqqat-e’tiborimni yo‘qotaman va anchagacha o‘zimga kelolmayman. Bu meni onalik vazifamdan chalg‘itadi. Qolaversa, O‘zbekistonda kelinlarning ro‘zg‘ordan vaqt orttirishi qiyin. Kasallik, oilaviy urush-janjallar ham ezib qo‘yadi. Nemislar “farzand tarbiyasi murakkab kasb” deydi. Ammo bizdagi muhit toza, jamoat e’tibori ahamiyatli. Bizda hali ham buxoriylar, beruniylar tug‘ilmoqda, ammo ularning onalari ro‘zg‘orga o‘ralashib, o‘zidan ortolmagani uchun iste’dodlar ro‘yobga chiqolmayapti. Onadek kuchli ustoz, repetitor hech qayerda yo‘q deb o‘ylayman.

Rosti, suhbat chog‘i maqtanish oson. Nazarimda, farzand tarbiyalash uchun tarbiyachining o‘zi tarbiyali bo‘lish kerak. O‘zimni tarbiyalab, xatolarim ustida ishlab kelyapman. Yevropadagi bolaning shaxsiyatini hurmat qilgan holda, ayb qilsa, o‘zini emas, xatosini jazolash, “Sen yomonsan”, emas, “Bu qilgan ishing yomon”, sog‘lom ovqatlantirish, gigiyenasiga muntazam e’tibor berish, tarbiyada dadasi bilan ikki tomonga bo‘linmay, gapni bir yoqdan chiqarish kabi uslublarni o‘rgangan bo‘lsam kerak. O‘zbekchasiga sal qattiqqo‘llik, oila, ota-onaga hurmat, yoshlar o‘rtasidagi munosabatlarda farq, diniy e’tiqodda mustahkamlik, mehnatkashlik, tejamkorlik, jasurlik kabi qadriyatlarni ham baravar o‘rgatish payidaman.

Yaqinda dadasi bilan birga qatnay boshlaganimiz, ota-onalar uchun mo‘ljallangan “Neue Beziehung, Neue Autorität” (“Yangi tarbiya, yangi avtoritet”) kursi tugaydi. Kursimizdagi nemis ota-onalarining bola tarbiyasi muammolari haqidagi hikoyalarini tinglab, xo‘jayinimdan avval eshitmagan maqtovlarni eshitib, “5” baho olib qaytyapman. Sochlarini changallab, vaziyatni tasvirlayotgan ota-onalarning xatolarini umumiy qilib o‘zbekcha tushuntirsam: ular bolalarini yelkaga chiqargan, bolalar esa boshga chiqish yo‘lini o‘zi topib olgan. Albatta, bu hamma olmon oilalariga taalluqli emas.

Xulosam shuki, qayerda yashamang, o‘zimizning chapani tarbiyadan qo‘ymasin ekan!

Malohat Adhamova

Janubiy Koreyada 6 yil yashagan. Ikki nafar farzandi bor. Hozirda Andijon davlat chet tillari instituti Xalqaro hamkorlik bo‘limi koordinator mutaxassisi

Xorijda farzand o‘stirishning ijobiy taraflari ko‘p. Avvalo bola kamida ikki tilda muloqot qilib ulg‘ayadi. Turli madaniyatlar bilan tanishadi. Masalan, biz Koreyada Misr, Pokiston, Indoneziyadan kelgan musulmon oilalar bilan ko‘proq bordi-keldi qilganmiz.

Foto: Malohat Adhamovaning shaxsiy arxividanFoto: Malohat Adhamovaning shaxsiy arxividan

Janubiy Koreyada bolalar uch oyligidan boshlab bog‘chaga qabul qilinadi va odatdagi parvarishdan tashqari ularga turli interaktiv o‘yinchoqlar bilan Montessori metodi asosida dars ham o‘tiladi. Qizlarim kun davomida nimalar qilgani, o‘rgangani, sog‘lig‘i, kayfiyati haqida bog‘chadan rasmlari bilan birga kunlik hisoboti ham kelardi. Bog‘chaga kelish va ketish vaqti ham alohida xabar shaklida yuborilardi. Sug‘urta tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgani hisobiga tibbiy xizmatlar arzon tushardi. Menga eng yoqqani, kichik yoshdagi bolalarga imkon qadar kam va kuchsiz dori buyuriladi. Bola organizmi kasallik bilan tabiiy ravishda kurashsin deyiladi. Oddiy shamollash bilan doktorga borsak, ko‘rik va dori narxi o‘rtacha 8 dollarga tushardi.

Salbiy tomoniga kelsak, bola kichkinaligidan halol-harom farqiga borolmagani uchun yeyayotgan luqmasini nazorat qilish qiyin. Bog‘chaga boradigan bo‘lsa, ustozlariga tushuntirib, menyusini doimiy tekshirib turish kerak.

Yelkaga tushadigan mas’uliyat O‘zbekistondagi ota-onanikidan ko‘proq. Bobo-buvi ko‘magisiz farzand tarbiyalash kerak bo‘ladi-da. Vazifalar taqsimlanishi oilaviy muhitga bog‘liq. Janubiy Koreyada otalar ham tarbiya jarayonida tengma-teng ishtirok etadi. Haftaning har chorshanba kuni oila kuni etib belgilangan va tashkilotlarda shu kuni ishchilar kamroq ishlaydi — oilasiga ko‘proq vaqt ajratsin deyiladi. Otalar farzandi bilan sayrga chiqqani, birga o‘ynayotganini ko‘rib havas qilasiz. Bizning oilamizda ham dadamiz oilani ta’minlashgina emas, qizlar tarbiyasiga, ular bilan vaqt o‘tkazishga doim harakat qiladi.

Janubiy Koreyada tug‘ilish kamayib, aholi soni yildan yilga qisqarib ketayotgani sababli oilalarni farzandli bo‘lishga targ‘ib qiluvchi, farzandlilarga esa ko‘plab yordam dasturlari mavjud. Bulardan chet ellik oilalar ham benasib qolmaydi. Masalan, koreys yoki chet ellik homilador ayolga shifokor homiladorlikni tasdiqlagach, hisobida pul bilan maxsus karta beriladi. Ushbu kartadan homiladorlik ko‘riklari, vitamin va dorilar olishda foydalanasiz (bitta homila bo‘lsa, taxminan, 755 dollar, egiz homilaga 1050 dollar pul beriladi).

Shahar markazi, tug‘uruqxonalardan uzoqda yashaydigan homilador ayollarga alohida yo‘lkira puli (225 dollar) ham beriladi. Buning uchun yashash joyidagi poliklinikaga uchrab, ariza yozish kifoya. Yana yashash joyidagi poliklinikadan tegishli hujjatlar bilan ro‘yxatdan o‘tib, bepul qon ko‘paytiruvchi vitamin va turli sovg‘alar, homiladorlik tasmasini olish mumkin.

Bundan tashqari, koreys oilalari bola tug‘ilishi bilan davlatdan 1500 dollar miqdorida suyunchi puli oladi. Koreys oilalari yoki koreys fuqarosi bilan turmush qurgan chet ellik tug‘uruqdan keyin tekin yordamchi xizmatiga oila markazlari orqali ariza topshirishi mumkin. Yordamchi yangi onaga farzand parvarishi va uy ishlarida ko‘maklashadi.

Koreys oilalari uchun bolalar bog‘chasi (yasli) tekin. Ya’ni har oy beriladigan bola puli bog‘chaga to‘lanadi. Chet ellik oilalar uchun ham 2023-yildan boshlab maktabgacha tayyorlov maskanlari tekin bo‘ldi.

Ta’kidlab o‘tay, maktab yoshidagi farzandlari bilan Koreyaga ko‘chib kelayotgan chet ellik oilalar bolaning til bilmasligi va shu tufayli o‘qishda o‘zlashtirishga qiynalishidan xavotirlanishadi. Koreya maktablarida shunday bolalar uchun til o‘rgatuvchi va vazifalariga yordam beruvchi maxsus o‘qituvchi bo‘ladi. Shuning uchun qisqa muddatda bola tilni o‘rganib, maktabda fanlarni o‘zlashtirishga qiynalmaydi.

O‘zim uyda qizlarim bilan o‘zbekcha, inglizcha gaplashaman. Adabiy til me’yorlariga rioya qilishga harakat qilaman. O‘zbekistonga qaytganimizdan keyin qizlarim muhitga moslashishda sal qiynaldi. Koreyadagi ustozlari, do‘stlarini sog‘indi, o‘zimizdagi bog‘chalarga ko‘nikolmay, bolalar bilan do‘stlasholmay yurdi. Eng kutmaganim, o‘rtoqlaridan o‘zbek tilidagi so‘kinishlarni o‘rganibdi. Birinchi marta eshitganda qotib qoldim. Kichik qizim qiynalganidan to‘rttagacha bog‘cha almashtirdik. Ko‘cha-ko‘yda chiqindi qutilar kamligi bolalarimni hayron qoldiraverdi. “Nega hamma ko‘chaga tashlab ketyapti?” deb so‘rayverardi. Xarxasha qilishni bilmasdi — shunday qiliqlarni o‘rgandi.

Tarbiyada me’yorni ushlashga harakat qilaman. Juda qattiqqo‘llik ham, yumshoqfe’llik ham qilmayman. Nimanidir mustaqil o‘rganaman desa, ixtiyoriga qo‘yaman. Tanloviga imkon beraman. Har doim o‘zim qilib berishga harakat qilmayman. Internet, kitoblardan farzand tarbiyasi haqida ko‘p maqolalar o‘qiyman va to‘g‘ri deb bilganlarimni amalda qo‘llayman.