DXX Jizzax hamda Andijon viloyatlarida o‘z mavqeidan foydalanib, pora olganlikda gumonlanayotgan mansabdorlarni qo‘lga olgani haqida xabar berdi.

Jizzaxda aniqlangan holatda viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgani uchun “xizmati” evaziga tadbirkordan 1300 AQSh dollari olmoqchi bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax shahrida yashovchi tadbirkor chorvachilik bilan shug‘ullanish maqsadida 2020-yilda bankdan 200 mln so‘m imtiyozli kredit olgan.

Mablag‘ hisobidan qoramol sotib olib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Biroq, fevral oyida kredit bergan bank tadbirkorning kreditni maqsadsiz sarflangan degan xulosa bilan viloyat prokuraturasiga chora ko‘rish uchun murojaat qilgan.

Murojaat o‘rganib chiqish va qonuniy qaror qabul qilish Jizzax shahar prokuraturasiga yuborilgan, uning nazorati viloyat prokuraturasi bo‘lim prokuroriga yuklatilgan. Uni o‘rganib chiqqan Jizzax shahar prokuraturasi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi. Lekin, viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori esa go‘yoki uning o‘zi tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etganini iddao qilib, “xizmati” evaziga undan 1300 AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Shuningdek, Jizzax viloyatida tuman hokimliklaridan birining yuriskonsulti vakolatiga kirmaydigan ishni xo‘jalik rahbari foydasiga hal qilib berish evaziga 5 ming dollar talab qilgan.

Aniqlanishicha, u mavqeidan foydalangan holda, o‘z vakolatiga kirmasligini bila turib, chorvachilik va baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning boshqaruvi bo‘yicha yuzaga kelgan muammoni tanishlari orqali hal qilib bermoqchi bo‘lgan. Buning uchun kelishilgan pulning oldindan 3 ming dollarini olgan vaqtida qo‘lga tushgan. Qolaversa, u avval ham pora olgani uchun javobgarlikka tortilgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha ham firibgarlik va pora berish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yana bir holatda Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining Andijon viloyati hududiy bo‘limi mansabdor xodimi jinoyat ustida ushlangani aytilmoqda. U Asaka tumanida faoliyat yurituvchi MCHJga neft mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanishi uchun litsenziya olishda zarur bo‘ladigan xulosa tayyorlab berishni va’da qilgan. Evaziga 3 ming dollar va litsenziya olib berish uchun “O‘zneftgazinspeksiya”da ishlovchi tanishiga 10 ming dollar berishi kerakligini aytgan. Umumiy hisobda MCHJ ta’sischisidan 13 ming dollar pul so‘ragan.

Mablag‘ni o‘zining bo‘ysinuvida bo‘lgan xodim orqali olgan vaqtda, ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, deyiladi DXX xabarida. Hozirda holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.