14-may kuni Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbari lavozimiga amaldagi prezident Rejep Tayyip Erdog‘an, muxolifatchilardan yagona nomzod Kemal Qilichdaro‘g‘li va Alyans Ata partiyasi blokidan nomzod Sinan Ogan da’vogarlik qildi. Yana bir muxolifat nomzodi, “Vatan” partiyasi rahbari Muharrem Inje raqiblarini halol raqobat tamoyillarini buzganlikda ayblab, 11-may kuni bo‘lib o‘tajak saylovlardan voz kechishini bildirdi.

Saylov byulletenlarining 98,96 foizi sanab chiqilgach, Erdog‘an 50 foizdan kam ovoz to‘pladi.

Turkiya matbuoti tomonidan e’lon qilinayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan 10:30 holatiga Erdog‘an 49,35 foiz, Qilichdaro‘g‘li 45 foiz, Ogan esa 5,22 foiz ovozga ega.

Hozirgi natija Turkiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi 28-may kuni bo‘lib o‘tishini anglatadi. Sababi birinchi turda nomzodlardan biri g‘alaba qozonishi uchun u kamida 50 foiz ovoz olishi talab etiladi.

“TASS” manbasiga ko‘ra, joriy saylovdagi 93,6 foiz ishtirok Turkiya uchun rekord hisoblanadi. OdaTV kanali esa biroz kamroq ko‘rsatkich qayd etdi — 87,62%.

Yakuniy natijalar 19-may kuni e’lon qilinadi.

Meduza nashrining yozishicha, hozircha ovoz berish natijalari saylovga bir haftadan sal ko‘proq qolganida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalaridan farq qiladi. Konda kompaniyasining 6−7-may kunlari o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 49,3% ovoz bilan Qilichdaro‘g‘li g‘alaba qozonishi, Erdog‘an esa ikkinchi o‘rinni 43,7% ovoz bilan qo‘lga kiritishi taxmin qilingandi.

14-may kuni Erdog‘an Istanbulning Uskudar tumanidagi maktablardan biridagi saylov uchastkasida ovoz berdi. Saylov uchastkasida prezident va uning rafiqasini ularning tarafdorlari kutib oldi.

кемал қиличдарўғли, режеп таййип эрдоған, turкиядаги saylov

Qilichdaro‘g‘li esa turmush o‘rtog‘i va yana bir nufuzli muxolifat siyosatchisi, Turkiya poytaxti meri Mansur Yavas bilan Anqaradagi saylov uchastkasida ovoz berdi. Ularni ham ko‘plab tarafdorlar kutib oldi.

кемал қиличдарўғли, режеп таййип эрдоған, turкиядаги saylov

Qilichdaro‘g‘li o‘z tvitida saylov kuzatuvchilariga murojaat qilib, ularni ovozlarni sanash jarayonini diqqat bilan kuzatishga chaqirdi. “Men demokratiya qahramonlariga murojaat qilmoqchiman. Oxirgi saylov qutisi sanab chiqilmaguncha, hech qanday sabab bilan saylov qutisini qarovsiz qoldirmang. Xalq irodasining to‘liq va to‘g‘ri namoyon bo‘lishi sizning qat’iyatingizga bog‘liq. Va amin bo‘lasizki, charchoqlarining mukofotlanadi”, — deb yozgan siyosatchi.

Saylovda ommaviy firibgarlik hali qayd etilmagan. Shu bilan birga, individual qonunbuzarliklar aniqlangan: masalan, Istanbul va Giresun shaharlarida saylov uchastkalarida Erdog‘an muhri bosilgan varaqlar topilgan. Bu faktlar YSK ga kuzatuvchilar tomonidan ma’lum qilingan. Erdog‘anning o‘zi saylovlar “muammolarsiz” o‘tayotganini aytgan. YSK raisi Ahmed Yener ham xuddi shunday baho bergan.

74 yoshli Qilichdaro‘g‘li Turkiya parlamenti deputati, Xalq alyansi yetakchisi hisoblanadi. Lekin u nafaqat o‘z partiyasidan, balki Xalq alyansini tuzgan yana beshta muxolif partiyadan ham nomzod bo‘ldi.

Deutsche Welle nashriga ko‘ra, Amaldagi prezident Erdog‘an bu natijalardan so‘ng bergan bayonotida saylovlarning ikkinchi bosqichiga tayyorligini ma’lum qildi.

Qilichdaro‘g‘li ham ikkinchi tur o‘tkazilishiga roziligini aytdi. O‘z navbatida, siyosatchilarning har ikkisi ham o‘z g‘alabalariga ishonch bildirgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda jami 1772 nafar Turkiya fuqarosi saylovda ovoz berdi. Ovozlarning 52,6 foizi Erdog‘anga, 40,88 foizi Qilichdaro‘g‘liga berilgan.