Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan “Ishlab chiqarish korxonalari xodimlarining ish vaqti va dam olish kunlarini mazmunli o‘tkazish hamda madaniy saviyasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi taqdim etildi.

Hujjatning tahliliy qismida aytilishicha, u prezidentning 3-fevral kuni Namangan viloyatiga tashrifi yakunlari bo‘yicha shakllangan topshiriqlar asosida ishlab chiqilgan.

Hujjatda mamlakatning ishlab chiqarish korxonalarida ish kuni boshlanishi va tugashi paytida milliy kuy va qo‘shiqlar, shu jumladan, maqomning eshitilib turishini joriy etish tavsiya etilgan. Loyihaga Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan tavsiya etilgan 211 ta asar ro‘yxati, mualliflik huquqiga rioya qilgan holda musiqa albomini tayyorlash taklifi ilova qilingan.

Tashabbus maslahat xarakteriga ega bo‘lishiga qaramay, ishlab chiqarish korxonalarida ish kunining boshida va oxirida milliy kuy va qo‘shiqlarini, jumladan, maqomlarni eshittirishni tashkil etish bo‘yicha hokimliklarga ko‘rsatma berish rejalashtirilgan. Agar kerak bo‘lsa, ular korxonalarga radiouzellar tashkil etishga yordam berishlari kerak.

Har oyda sanoat korxonalari hududlarida baxshi, maqom va askiya ijrochilari ishtirokida tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturlarini tayyorlash Madaniyat va turizm vazirligining boshqarmalariga yuklatilishi belgilangan.