Toshkentning Chilonzor tumanida 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni ishlab chiqarib sotayotgan fuqaro ushlandi,deya xabar qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati. Tezkor tadbir departament hamda DXXning Chilonzor tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazildi.

Uchtepa tumanida yashovchi A. S. 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralarni tayyorlab, har birini 60 ming so‘mdan sotib kelayotganligi aniqlanib, undan 10 dona 200 ming so‘mlik qalbaki kupyuralar, jami 31 dona A4 formatdagi qog‘ozda chop etilgan 200 ming so‘mlik kupyuralar, rangli printer va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.