Toshkentda o‘tkazilgan boks bo‘yicha jahon chempionati so‘nggi kunida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar bermoqda Yoshlar siyosati va sport vazirligi matbuot xizmati.
Dastlab Oybek Jo‘rayev (-54 kg) chempionlik uchun ringga ko‘tarildi. Uning uchun qozog‘istonlik raqibi Mahmud Sabirxan bilan jang muvaffaqiyatsiz yakunlandi va Jo‘rayev musobaqani kumush medal bilan yakunladi.
Oybek Jo‘rayev
2 yil muqaddam Serbiyada o‘tgan dunyo birinchiligida kumush medalni qo‘lga kiritgan Abdumalik Xalokov (-57 kg) esa finalda kubalik Siyedel Xorta ustidan g‘alaba qozondi va oltin medalga ega chiqdi.
Abdumalik Xalokov
Mazkur jahon chempionatida debyut qilgan Ruslan Abdullayev ham musobaqani oltin medal bilan yakunladi. -63,5 kg vazn toifasida ringga ko‘tarilgan bokschi jangda mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Batarsuxdan ustun keldi.
Ruslan Abdullayev
So‘nggi bo‘lib Saidjamshid Jafarov (-71 kg) final jangini o‘tkazdi. Bellashuv qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenovning g‘alabasi bilan yakunlandi va sportchi kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Saidjamshid Jafarov
Shu bilan O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani 5 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan yakunlab, Jahon chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Shuningdek, -51 kg vazn toifasida oltin medalga ega chiqqan Hasanboy Do‘smatov chempionatning eng yaxshi bokschisi, umumjamoa hisobida birinchilikni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi esa eng yaxshi jamoa deb topildi.