O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyaning Moskva shahrida joylashgan “Monro” kafesida o‘zbekistonlik 30 nafar migrant tomonidan jinoyat sodir etilgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Readovka nashrining yozishicha, 30 nafar o‘zbekistonlik 10-may kuni kechasi kafega hujum qilgan. Oqibatda xodimlarning qovurg‘alari singan va o‘g‘riliklar sodir etilgan.

Migratsiya agentligi esa bu ishda O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etganini rad etdi.

Dastlabki o‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, 11-mayga o‘tar kechasi tibbiy niqobdagi 25 nafarga yaqin fuqaro Veshnyakovskaya ko‘chasida joylashgan “Monro” kafesiga kirib, kafe mulkiga zarar yetkaza boshlagan. Shundan so‘ng kafe xodimlariga ham hujum qilgan.

Voqeadan bir necha soat o‘tgach, gumonlanuvchilarning bir guruhi Podolsk va Kommunark hududlarida hibsga olingan.

Shuningdek, mazkur voqeadan bir necha kun oldin ushbu kafe xodimlari va mijozlar o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat oqibatida kafe mulkiga yetkazilgan zarar uchun 30 ming rubl tovon puli undirilgan.

Veshnyaki tumani huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur voqea gumonlanuvchilari o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan.