Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “vahshiylarcha kaltaklangan ayol taqdiriga e’tibor qaratishlarini so‘raymiz” sarlavhali videoxabar yuzasidan munosabat bildirdi.

7-may kuni Qo‘qon shahar Ahillik ko‘chasida yashovchi fuqaro M.O. turmush o‘rtog‘i G. S.ni boshqa bir erkakdan rashk qilib, u bilan yaqin munosabatda bo‘lganini tan olishini so‘ragan.

G. S. boshqa erkak bilan gaplashmaganini bildirishiga qaramasdan, erkak uning tanasini turli joylariga urib tan jarohati yetkazgan. Oqibatda ayol shahar tez-tibbiy yordam ko‘rsatish markaziga murojaat qilgan. Voqea Qo‘qon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda ro‘yxatga olinib, sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Dastlabki ekspertiza ma’lumotnomasida fuqaro G. S.da “o‘ng ko‘z atrof qovoq, chakka, yanoq, chap ko‘z atrof qovoq yanoq, bo‘yin o‘ng yon yuzasidan o‘ng chakka suyak sohalarda, ko‘krak qafasi orqa yuzalarida, o‘ng va chap boldirida katta hajmdagi qon talashlari bo‘lib, „yengil“ tan jarohatlari toifasiga kirishi” tashhisi qo‘yilgan.

Holat yuzasidan Qo‘qon shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan fuqaro M.O.ga nisbatan 10-may kuni Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi 3-qismi ya’ni, oilaviy zo‘ravonlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yangi kiritilgan moddaga ko‘ra, ushbu band bilan aybdor deb topilgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yetmish baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.