Qatar davlati rahbari shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda 8−9-may kunlari investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratovning Qatarda vazirlik, idoralar hamda yirik kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazgan muzokaralar davomida so‘z boradi.

Uchrashuvlarda ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasining bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan.

“Qatar tomoni o‘zaro hamkorlik salohiyatini yuqori baholadi va Qatar rahbarining O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishi hamda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, tadbirda o‘zaro savdoni rivojlantirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasini hamda energetika, neft-kimyo, kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, turizm, IT sohasi va boshqa sohalardagi investitsiya loyihalarini qamrab olgan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dastur ishlab chiqishga kelishilgan.

Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni imzolashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi. Tomonlar birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan Toshkentda ikki davlatning yirik ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etiladi.

Keltirilishicha, moliya vaziri Ali al-Kuvariy bilan suhbat chog‘ida bir qator infratuzilmaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi. Markaziy bank Boshqaruvchisi — Qatar investitsiya agentligi raisi Abdulla al-Tani bilan Qatar va O‘zbekiston tijorat banklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Energetika vaziri — Qatar Energetika kompaniyasi raisi Saad al-Kaabi bilan Nebras Power kompaniyasi bilan energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Qatar Savdo-sanoat palatasi raisi Xalifa al-Tani bilan uchrashuv doirasida qo‘shma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.