Hukumat 1-avgustga qadar davlat o‘ziga olgan har bir yangi majburiyat bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Nima uchun aholimiz referendumda bunchalik faol bo‘ldilar, nimaga ular islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqdalar? Chunki Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq va ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va ko‘chalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rayaptilar”, — dedi prezident.

Mamlakatda kambag‘allik borligi tan olinib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish bo‘yicha katta ish olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Shu maqsadda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reyestr tizimi yo‘lga qo‘yilib, salmoqli natijalarga erishilgani ta’kidlandi.

“Asosiysi, fuqarolar islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Lekin, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Bu borada odamlarimiz yangilangan Konstitutsiyadan, biz joriy etayotgan yangi tizimdan ko‘p narsalarni kutmoqda. Aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish uchun, eng avvalo iqtisodiy o‘sishni ta’minlash zarur. Yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Bu — aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani”, — dedi prezident.

Biz bundan buyon ham xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, soliq ma’murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettirilishi aytildi.

Hukumatga 1-avgustga qadar davlat o‘ziga olgan har bir yangi majburiyat bo‘yicha ularning mablag‘lari, ijro mexanizmlari, bu masalada mas’ul vazirlik va hokimliklar aniq ko‘rsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.