O‘zbekistonda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Davlat rahbari bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar har bir fuqaroning vijdon erkinligi ta’minlanishini bildirdi. Barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilishi, mamlakatda millatlar va konfessiyalar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni ta’minlash siyosati izchil davom ettirilishini qayd etdi.

“O‘zbekiston — dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qat’iy tanlovi ham shu!” — dedi prezident.

“Men prezident sifatida ish boshlagan birinchi kundanoq „Biz xalqimizga xizmat qilgani kelganmiz“, „Biz xalqni rozi qilishimiz kerak“ degan gaplarni doim takrorlayman. Islohotlarni boshlagan paytda o‘zimiz tasavvur ham qilmagan juda ko‘p muammo va sinovlarga duch keldik. Ularga el-yurtimiz bilan birgalikda yechim topib, har bir masalani joyida hal qilib borayapmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning aytishicha, bu maqsad yo‘lida qanchalik og‘ir bo‘lmasin, zarur mablag‘larni, kerak bo‘lsa, ortiqchasi bilan topib, barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

“Xalqimizning o‘zi — eng adolatli hakam. Men aminman, bugun yurtimizdagi har bir inson „hayotimda ijobiy o‘zgarish bo‘lmoqda“, deb ayta oladi”, — dedi davlat rahbari.