Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuvda axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon ekanini unutmaslik zarurligini aytib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Bugungi kunda xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari e’tiboriga olib chiqayotgan eng ta’sirchan kuch, bu — ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar ekani ta’kidlandi.

“Jamiyatimizdagi ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish maqsadida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, axborot olish, foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlar qat’iy kafolatlanmoqda. Shu bilan birga, so‘z erkinligi bu — mas’uliyat ham degani. Ya’ni, axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon ekanini ham unutmasligimiz zarur”, — dedi davlat rahbari.

Ayni paytda, nodavlat tashkilotlarning rolini yanada oshirish, huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.