Toshkent shahrida Telegram messenjerida YouTube`dan nashida linkini yuborgan 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodov sud hukmi bilan 3 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, ish hujjatlariga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodovga tegishli bo‘lgan iPhone X smartfoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan vaqtda Jahongir Ulug‘murodovning foydalanuvida bo‘lgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli “jihod” va “hijrat”ga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatgani aniqlangan.

Shu sabab Jahongir Ulug‘murodovga tegishli bo‘lgan iPhone X rusumli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning IR-1719-sonli xulosasida taqdim etilgan materialda aqidaparastlik g‘oyalari borligi, ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangani qayd etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 8-maydagi hukmiga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodov (2002-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti — tugallanmagan oliy) ga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash) ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

“Sudning hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, taraflar uning ustidan qonunchilikda belgilangan tartibga muvofiq yuqori turuvchi sudga apellyatsiya shikoyati berishga yoki protest keltirishga haqlidir”, — deyiladi Oliy sud xabarida.

Kun.uz`ning ma’lum qilishicha, uning yaqinlari sud hukmidan norozi ekanligini bildirib, apellyatsiya shikoyati berishlarini ma’lum qilgan.