7-may kuni taniqli o‘zbek futbolchisi va murabbiyi Viktor Jalilov 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Viktor Romanovich Jalilov 1952-yil 17-martda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Futbolchi sifatida “Paxtakor” va Namanganning “Tekstilchi” jamoalarida o‘ynagan.

1995-yilda Namanganning “Navbahor” jamoasini boshqargan, bronza medali sovrindoriga aylangan. 1996-yilda jamoa bilan mamlakat chempionati va kubogini qo‘lga kiritib, “oltin dubl”ga erishgan. 1997−1999-yillarda “Navbahor” bilan birga yana 3 marta bronza medali sovrindori bo‘lgan.

2000-yilda “Paxtakor”ga qaytib, 2 yil davomida bosh murabbiy yordamchisi bo‘lib ishlagan. 2002-yilda esa klub bosh murabbiyi bo‘lgan, mamlakat chempionligi va kubogini qo‘lga kiritib, “oltin dubl”ni takrorlashga muvaffaq bo‘lgan.

Faoliyati davomida, shuningdek, Qashqadaryoning “Mash’al” va Samarqandning “Dinamo” klublarida ham ishlagan, 2015-yilda O‘zbekiston U-22 jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan.

U 2 karra O‘zbekiston chempioni, 3 karra kumush, 4 karra bronza medali sovrindori, 4 karra O‘zbekiston kubogi sohibi hisoblanadi. 3 marta O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.