6−8-may kunlari Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahrida lll Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov OAV vakillarining festival bilan bog‘liq savollariga javob berdi, deya xabar qilmoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Nazarbekov so‘zi avvalida baxshichilik san’ati haqida gapirdi.

“Bu san’at turi o‘ta qadimiyligi bilan qadrlidir. O‘tgan yillar mobaynida baxshichilikning bu darajada qo‘llab-quvvatlanmagani yoki umuman chetda bo‘lganini hammamiz ko‘rganmiz, guvohi bo‘lganmiz. Baxshichilik millat sifatida o‘tmishimiz, qadriyatlarimiz, madaniyatimizning salmog‘ini ko‘rsatib beradigan, butun insoniyatga qadim xalq ekanimizni so‘zsiz isbot qilishi mumkin bo‘lgan alohida bir jihatimiz hisoblanadi. Shuning uchun ham bu san’atni yo‘qotmay, saqlab qolishimiz, kelgusi avlodga to‘la-to‘kis yetkazishimiz kerak, shu maqsadda qator islohotlar qatorida mazkur festival tashkil etildi”, — deydi vazir.

Uning aytishicha, 2019-yildan beri har ikki yilda bir o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro tadbir nafaqat o‘zbek, balki boshqa xalqlarning ham baxshichilik va dostonchilik san’atini targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Baxshichilik har bir xalqda saqlanib qolishi shart bo‘lgan bir san’at turi hisoblanadi. Buni qadrlaydigan mamlakatlar juda ko‘pligini tadbir davomida bilib boryapmiz. Bugungi globallashuv davrida bu festival xalqlar va millatlarni birlashtiryapti, tanazzulga yuz tutib borayotgan baxshichilikning qayta jonlanishi mana shu san’atni yelkasida ko‘tarib yurgan fidoyilarga umid bag‘ishlayapti. 2019-yilda 21 ta davlatdan ijodkorlar qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda 30 ga yaqin mamlakatdan baxshilar ishtirok etyapti. Qatnashchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Ular orasida yevropaliklar ham, turkiy xalqlardan ham kelgan baxshilar bor. Qisqasi, festival insoniyat nomoddiy-madaniy merosining shakllanishida katta xizmat qilyapti”, — deydi hukumat vakili.

Ozodbek Nazarbekov bu yilgi festivalning sarf-xarajatlari uchun qancha mablag‘ ajratilgani haqidagi savolga shunday javob qaytardi: “Men hozir sizlarga aniq raqamni ayta olmayman. Lekin oldingi va bugungi kunda bo‘layotgan tadbirlarning saviyasi, xarajatlarini solishtiringlar. Biz yildan-yilga kamroq xarajat qilyapmiz. Bu — fakt. Men kechagi va bugungi raqamlarni ko‘rib turibman”.

Eslatib o‘tamiz, baxshichilik san’ati festivali ilk bor 2019-yilda Surxondaryo viloyatida, 2021-yilda Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida o‘tkazilgandi.