Ijtimoiy tarmoqlarda 15−18 yosh atrofidagi qiz va ikki nafar o‘g‘il bolani uyda psixotrop modda iste’mol qilgani aytilgan tarqaldi. Tasvirda ichki ishlar xodimlari bir xonada voyaga yetmagan qizning sumkasini tekshirayotganini ko‘rish mumkin. Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 22-aprel kuni Oltiariq tumanidagi Jarqo‘rg‘on MFYda yashovchi fuqaro M. U “102”ga murojaat qilib, shu mahalladagi o‘ziga tegishli bo‘lgan bog‘ shiyponiga noma’lum shaxslar janjal orqali kirib olganini aytgan.

Shundan so‘ng profilaktika inspektorlari aytilgan manzilga yetib borgan. U yerda tumanda istiqomat qiluvchi F. M. va J. O. hamda voyaga yetmagan 15−18 yoshdagi qiz va yigit: M. R va B. A. borligi aniqlangan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 45-moddasi (Fuqarolarning turar joyi daxlsizligini buzish) hamda 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan va jinoyat ishlari bo‘yicha Oltiariq tumani sudiga yuborilgan.

Sud tomonidan 4-may kuni fuqarolarning ikki nafariga yuqoridagi moddalarga asosan, BHMning 3 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Shuningdek, fuqaro F. M. tuman IIBga murojaat qilib, ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan shaxsni aniqlab, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Videotasvirlarni fuqaro H. H. tarqatgani aniqlanib, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 462-moddasi (Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish)ga ko‘ra, BHMning 3 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.

“Yuqoridagi shaxslarning yonini ko‘zdan kechirish jarayonida ularda psixotrop moddalar yoki sovuq qurollar aniqlanmaganligini ma’lum qilamiz. Fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirilmasdan turib, turli noo‘rin xulosalarga bormasliklarini so‘rab qolamiz”, — deyiladi viloyat IIB axborotida.