3-may kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida sayyor qabul tashkillashtirildi. Jarayon davomida bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova bilan murojaatchi ayol o‘rtasida mojaro sodir bo‘ldi. Bu haqda xabar bergan Kun.uz nashrining yozishicha, ayol va uning qaynotasi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashmoqchi bo‘lgan, biroq uning o‘rinbosari qabulga o‘tkazishni istamagan. Videoda murojaatchilar bunga e’tiroz bildirganda Ortiqovaning ularga qo‘pol munosabatda bo‘lib, ichki ishlar xodimlariga ayolni u yerdan olib ketishni so‘raganini ko‘rish mumkin.

Murojaatchi Sevara Ravshanovaning muddaosi Adliya vazirligi xodimi bo‘lib ishlagan turmush o‘rtog‘ining qamoqqa olinishi bilan bog‘liq.

Uning eri Husan Ravshanov Adliya vazirligi markaziy apparatida ishlagan, shu yilning 3-fevral kuni qamoqqa olingan. U Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Abdumutalib Dadajonovni korrupsiyada ayblash orqali tuhmat qilishda gumonlanib, hibsga olingan. Uning hibsda ekanidan jamoatchilik aprel oyiga kelibgina xabar topgan.

Nashrning yozishicha, Facebook`da “Sanjar Karimov” nomli akkaunt egasi 2022-yilda maqola yozib, unda Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, hozirda Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgan Abdumutalib Dadajonov pora berishda dalolatchilik qilganlikda ayblangan. Tergov bu ayblovlarni tuhmat deb baholagan.

Murojaatchi ayol Sevara Ravshanova Facebook`dagi “Sanjar Karimov” nomli akkaunt turmush o‘rtog‘iga tegishli emasligini ta’kidlagan. Biroq ishga doir rasmiy hujjatlarda Husan Ravshanovning xizmat xonasidagi foydalanuvida bo‘lgan kompyuterda yuqoridagi holatlarga aloqador mazmundagi fayllar borligi aniqlangani keltirilgan, deyiladi xabarda. Uning ayoli ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, umr yo‘ldoshi uchinchi shaxslar fitnasi qurboni bo‘lganini aytmoqda.

“Turmush o‘rtog‘im Adliya vazirligida jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining bosh maslahatchisi bo‘lib ishlagan. Ularga boshlig‘i qanaqadir ma’lumotlarni tashlab, detallarni bir-biriga moslab, chiroyli qilib, yozib ber va menga tashla, degan. Erim shu ma’lumotlarni yozib, tashlab bergan, xolos. Turmush o‘rtog‘imning ishi buyurtma bo‘lgan, uyushtirilgan”, — deydi u.

Sevara Ravshanova turmush o‘rtog‘iga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hanuz sudga oshirilmagani, gumonlanuvchi 3-fevraldan beri qamoqda ushlab turilganidan norozi bo‘lib bosh prokuror qabuliga kirish uchun prezident Shavkat Mirziyoyev nomiga ariza yozgan. Unga prezident Administratsiyasi tomonidan Bo‘kada tashkil etilgan sayyor qabulga kelish taklif etilgan.

U manzilga yetib borganda murojaatni avval bosh prokuror o‘rinbosarlari eshitib ko‘rayotgani ta’kidlangan. Xususan, uning hujjatlarini bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova ko‘rib, oldin unga murojaat qilmagani, arizani olib qolishi, yordamchilari ko‘rib chiqishini aytgan. Ayol bosh prokuror huzuriga kelganini aytib, mansabdorning gapidan norozi bo‘lgan.

“Svetlana Artikova bosh prokuror qabuliga kirishimizga qarshilik qildi. Sayyor qabulga kelganlarni avval bosh prokuror o‘rinbosarlari eshitib ko‘rishayotgan ekan. Tashkilotchilar bizni Svetlana Artikovaga yo‘naltirishdi. U dardimizni eshitib, oldin menga murojaat qilmagansizlar, arizani olib qolaman, yordamchilarim ko‘rib chiqishadi, deb aytdi.

Holbuki, bu paytgacha ayni masala yuzasidan Bosh prokuraturaga 5 marta murojaat qilgandik. Birortasiga javob kelgani yo‘q. Shu sababli O‘zbekiston prezidentiga murojaat qilib, bosh prokuror qabuliga kirish uchun yordam so‘ragandim. 2-may kuni kechqurun administratsiyadan qo‘ng‘iroq qilishib, ertaga Bo‘kaga yetib borishimni aytishdi. Shu sababli kelgandim bu yerga. Bizni Svetlana Artikova qabul qilsin, deganim yo‘q edi hech kimga", — dedi ayol.

Shuningdek, u qaynotasi ikkalovi bosh prokuror oldiga o‘tkazilmagani, arizalari olib qolinib, ularni jo‘natib yubormoqchi bo‘lishganini iddao qilgan.

“Shunda qaynotam: „Mayli, unda arizaning ikkinchi nusxasiga murojaatimizni olib qolganingiz haqida qo‘l qo‘yib bering“, deb aytdi. U qo‘l qo‘ymasligi, yordamchisi qo‘l qo‘yib, olib qolishini aytdi. Qaynotam bu holda bosh prokuror qabuliga kirishimizga imkon berishini so‘radi. Shunda u ayol: „Siz kimsiz menga buyruq berishga?“ deb aytdi. Uning qaynotamga qilgan muomalasi izzat-nafsimga tegib ketdi. „Muomalangizni to‘g‘rilang. O‘zingiz kimsiz? Menga sizning qabulingiz kerak emas. Faqat bosh prokurorning qabuliga kirish uchun bu yerga keldim“, dedim unga. Shu jarayonda Artikova qo‘limdagi arizamni shaxsiy hujjatlarim bilan birgalikda yulib olishga harakat qildi. Tabiiyki, men qarshilik ko‘rsatdim. Shu jarayonda ariza yirtilib ketdi. Bundan yanada asabiylashdim”, — deydi murojaatchi.

Shundan so‘ng uni bosh prokuror qabul qilgan va murojaatini eshitgan. Sevara Ravshanova bosh prokuror qabulida ichki ishlar va prokuratura xodimlari uni “koptok qilishayotgani”, turmush o‘rtog‘ining ishi qachon sudga oshishi haqidagi oddiy ma’lumotni advokatlarga ham aytishmayotganini bildirdi.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev arizachining ko‘z o‘ngida mas’ullarga qo‘ng‘iroq qilib, tergovi yakunlangan ish nega haligacha sudga chiqmaganiga aniqlik kiritdi.

Bosh prokuror qo‘ng‘iroq qilgan mansabdor Ravshan Husanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov xulosasi 28-aprel kuni sudga yuborilganini ma’lum qildi.

Sevara Ravshanova Nig‘matilla Yo‘ldoshevdan eriga nisbatan qo‘llangan qamoq ehtiyot chorasi o‘zgartirilishida amaliy yordam so‘radi. Bosh prokuror ushbu murojaatni shaxsan nazoratga olishi, yon daftarchasiga ariza tafsilotlarini yozib olganini, yordam berishga harakat qilishini bildirdi.